Yurak-qon tomir kasalliklarning asosiy sabablaridan biri – nocog`lom turmush tarzi. To`g`ri ovqatlanib, ko`proq piyoda yuradigan, yugurishni kanda qilmaydigan odamlarda bunday xastaliklar kam uchrashi mutaxassislar tomonidan isbotlangan.
— Jismoniy mashqlar mushaklarni baquvvat, bo`g`imlarni harakatchan, tanani qayishqoq, qomatning to`g`ri shakllanishiga yordam beradi, — deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Gavhar Tulaboeva. — Hammasi ertalabki badantarbiyadan boshlanadi. Bu jarayonda bajariladigan mashqlar organizmning biror a`zosi yoki tizimiga emas, butun tanamizga birdek ta`sir ko`rsatadi. Ya`ni ichki organlarda moddalar almashinuvida o`zgarishlar ham yasaydi.
Yana bir fakt: jismoniy harakat va mashqlar ta`siri ostida to`qimalarning kislorodga bo`lgan ehtiyoji 8-10 barobar oshib ketadi. Shu bois qisqa emas, takroriy jismoniy mashqlar organizmni sog`lomlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, jismoniy mashqlarni tizimli ravishda bajaruvchi insonlarda to`qimalar oziq moddalarni yaxshi o`zlashtiradi. Harakatlar asab tizimiga ham ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Jumladan, badantarbiyadan so`ng odamning ham jismoniy, ham aqliy faoliyati yaxshilanadi.
Insonning nafas harakatlari kechki uyqu mahali kunduzgi vaqtga nisbatan ancha sekinlashishi ma`lum. Badantarbiya chog`ida nafas mashqlari ham bajariladi hamda o`pka etarlicha havoga to`yinadi.
Qolaversa, jismoniy faollik:
- inson organizmining kasalliklarga qarshi kurashuvchanligini oshiradi;
- yurak va nafas olish tizimini mustahkamlaydi;
- ichak va buyrak faoliyatini yaxshilaydi;
- suyak va bo`g`imlarning to`g`ri shakllanishi hamda mustahkamlanishiga yordam beradi;
- tana vaznini me`yorda ushlaydi;
- fikrlash va bilim olish faoliyatini kuchaytiradi;
- intizom, iroda, uyushqoqlik, mehnatsevarlik kabi fazilatlarni shakllantiradi.






