Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining so`nggi ma`lumotlariga ko`ra, koronavirusning yangi “omikron” shtammi qayd etilgan mamlakatlar soni 57 taga etdi. Bu haqda SSV xabar berdi.
JSST rahbari Tedros Gebreyesus "COVID-19"ning yangi mutasiyasi pandemiyaga qanday ta`sir ko`rsatishini oldindan aytish qiyin ekanligini ta`kidlagan. Ammo yangi shtammning tez sur`atlar bilan tarqalayotgani fakt.
Pandemiyaning yangi to`lqini, ayniqsa Evropa mamlakatlarini tang ahvolga solib qo`ymoqda. Masalan, Fransiyada so`nggi 24 soat ichida 61,3 mingdan ortiq kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bu o`tgan yilning 2 noyabridan buyon qayd etilgan eng yuqori ko`rsatkichdir.
Buyuk Britaniyada ham ahvol tashvishlanarli. Kasallanish holatlari kun sayin ko`payib, kecha qariyb 50 ming 600 nafarga etgan. Hukumat “omikron” shtammi keng tarqalib ketmasligi uchun qo`shimcha tartib va cheklovlarni joriy etishga majbur bo`ldi.
Jumladan, 10 dekabrdan Buyuk Britaniyada jamoat joylarida tibbiy niqob taqish majburiy etib belgilandi. Qolaversa, 13 dekabrdan masofaviy ish formatiga o`tilishi mumkin.
Boshqa mamlakatlar ham ehtiyot choralarini kuchaytirishga kirishgan. Masalan, Braziliyada “omikron” ro`yxatga olingach, bu erda emlanmagan xorijlik sayyohlar uchun besh kunlik karantin joriy etildi.
Olimlar ayni paytda mavjud vaksinalarning yangi shtammga nisbatan samaradorligini o`rganmoqda. Xususan, Afrika Sog`liqni saqlash tadqiqot instituti (Janubiy Afrika Respublikasi) ikki hafta davomida 12 nafar emlangan fuqaroning qon tahlillarini tekshirdi.
Ma`lum bo`lishicha, vaksina olganlarda immunitet nisbatan yaxshi saqlanib qoladi. To`liq bosqichda emlanganlarda antitanachalar yangi shtammga qarshi faolroq kurashdi.
Shuningdek, kuni kecha “Pfizer Inc va BioNTech SE” kompaniyalarining ilk laboratoriya tadqiqotlari yakunlari ham e`lon qilindi. Unga ko`ra, Pfizer vaksinasining uchinchi — buster dozasi antitanachalar miqdorini 25 barobar ko`taradi va bu “omikron” ni “engish” uchun kifoya qiladi.






