"O`zbekiston havo yo`llari" MAK Matbuot xizmati Rossiya Federasiyasiga borayotgan yo`lovchilar diqqatiga muhim ma`lumotni taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) “omikron” shtammining o`ziga xos xususiyatlari tufayli PZR-testlarining amal qilish muddatini qisqartirishga qaror qildi.
“COVID-19ga PZR usulida olingan laboratoriya tekshiruvi manfiy natijasining amal qilish muddati laboratoriya natijalari olingan vaqtdan boshlab 48 soatni tashkil etadi” – deyiladi hujjatda.
Endi, 8 dekabrdan boshlab, bunday sertifikatlar faqat 48 soat (test olingan vaqtdan boshlab) amal qiladi. Eslatib o`tamiz, ilgari testlarning amal qilish muddati 72 soatni tashkil etgan.
Ushbu o`zgarish Rossiya Federasiyasiga borayotgan chet elliklar va Rossiyaga sayohat qilishni rejalashtirayotgan sayyohlar uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Ma`lumot uchun, Rossiya Federasiyasiga borishni rejalashtirayotgan yo`lovchilar «Puteshestvuyu bez COVID-19» ilovasidan ro`yxatdan o`tishlari talab etiladi.






