O`zbekiston qadim-qadimdan “Buyuk Ipak yo`li” chorrahasida joylashgan. Bu zaminda turfa millat kishilari uchrashgan, o`zaro muloqotda bo`lgan, savdo-sotiq bilan shug`ullangan. Xalqimizga xos mehmondo`stlik, bag`rikenglik fazilatining ildizlari ham ana shunda. Hozir yurtimizning qay bir mahallasiga bormang, o`zbekning to`yida tojikni, qirg`izning ma`rakasida qozoqni ko`rasiz. Tashkilot, korxona, muassasalarda O`zbekistonni taraqqiy ettirishga o`zining ozmi-ko`pmi ulushini qo`shayotgan boshqa millat vakillari qancha, eh-he, sanasak, ado qilolmaymiz. Istiqlolning ilk davridan boshlab, rivojlanishning qiyin, murakkab sharoitida xalqimiz bilan elkama-elka, hamnafas bo`lib, mehnat qilib kelayotgan vatandoshlar uchun O`zbekiston – bag`rikeng diyorga aylandi. Davlatimiz madhiyasida “Bag`rikeng o`zbekning o`chmas iymoni” satri jaranglasa, qay bir millat vakili to`lqinlanmaydi, deysiz?
Darhaqiqat, mehmondo`stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma`nodagi bag`rikenglik o`zbek xalqining azaliy qadriyatlari ekanini dalillaydigan misollar tarixda ko`p.Bilamizki,1937-1952 yillarda O`zbekistondan 100 ming kishi qatag`on qilingan. Bu mudhish voqea millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglik tamoyillari poymol bo`lganini ko`rsatuvchi dalil bo`lsa-da, akademik, shoir G`afur G`ulom urush yillarida “Sen etim emassan” shiorini qalbiga muhrlab, oxirgi bir burda nonini ham o`zga millatlarning boshpanasiz, och-yupun qolgan zuryodiga ulashgan temirchi o`zbek Shoahmad ota jasoratini madh etdi. Ayting-chi, er yuzida qaysi millat ana shunday xislatga ega?
Hurmat qilgan izzat ko`radi, deydilar. Yurtimizda yashayotgan turli millat vakillari orasida o`zbek xalqiga, uning tiliga, asriy urf-odat va an`analariga ixlos bilan qarovchi insonlar ko`plab topiladi. Ular el ichra obro`-e`tibor, izzat-ikrom topayotgani, xizmatlari davlat miqyosida e`tirof etilayotgani yurtimizda millatlalaro siyosat oqilona, beg`araz yuritilayotganiga yaqqol misoldir. Koreys millatiga mansub xonanda Zoya Soyning o`zbekcha qo`shiqni chiroyli ohangda kuylashi va “O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist” faxriy unvoniga sazovor bo`lishi nafaqat koreys, balki o`zbek xalqiga ham faxr-iftixor bag`ishlagan ijobiy voqea emasmi? Bunday misollarni istagancha keltirishimiz mumkin.
Milliy istiqlol mafkurasining asosiy g`oyalaridan biri turli millatga, har xil ijtimoiy toifa, irq va dinga mansub kishilar va guruhlarning umumiy maqsad yo`lidagi hamjihatligi hisoblanadi. Qarashlar rang-barangligi, fikrlar xilma-xilligi, so`z va fikr erkinligi jamiyatni sog`lomlashtiruvchi, uni mustahkamlovchi o`ta muhim omil ekanligi oydinlashgan bir vaqtda ulug` bobokalonimiz Abu Nasr Forobiyning «Agar fikrlari va harakatlari jamiyat manfaatlariga xizmat qilmaydigan bo`lsa, mamlakatni bunday kishilardan tozalash kerak», degan ta`kidini eslab o`tish joiz. Alloma Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligini ta`minlashda zarar etkazishi mumkin bo`lgan xavf-xatarning oldini olishga da`vat etmoqda. Men nima uchun buni misol keltirdim?
Mamlakatimizda o`zbek millatiga mansub fuqarolar qatorida boshqa millat vakillariga teppa-teng sharoit yaratilgani ularda ham yurtparvarlik, Vatan taraqqiyoti uchun xizmat qilish tuyg`usini uyg`otmoqda, deb baralla ayta olamiz. Hamfikrlik, maslakdoshlik, bahamjihatlik hukm surgan yurtda esa tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik qaror topadi.
Millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlik o`z-o`zidan vujudga keladigan hodisa emas, balki u davlat tomonidan olib boriladigan milliy siyosat hosilasidir. Davlatimiz rahbarining joriy yil 15 noyabrda qabul qilingan “Millatlararo munosabatlar sohasida O`zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi farmoni ana shu siyosatni yanada kuchaytirish uchun zamin yaratadi. Farmonda millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalarini yanada rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati keng ko`lamli va qamrovli ekanligi ta`kidlanib, buni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish davr talabidir. Zero, respublikamizda yashab turgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an`analari va urf-odatlarini saqlash, rivojlantirish sohasida olib borilayotgan davlat siyosatini samarali amalga oshirish uchun qo`shimcha ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoit yaratishimiz zarur.
O`zbekiston ular uchun umumiy uy, Vatan yagonadir, Vatan bittadir. Ko`p millatli Vatanning fuqarolari birlashsa, jipslashsa, bahamjihat bo`lsagina, u taraqqiyot bosqichiga chiqadi. Teng huquq, teng sharoit va qonun ustuvorligi ta`minlangan davlat, shubhasiz dunyo hamjamiyatida o`z o`rni va nufuziga ega bo`ladi. Bu ishlarni qay tarzda ro`yobga chiqarish kerak? Farmonga muvofiq, qo`mitamiz tuzilmasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar, metodika va ekspertiza bo`limi o`rnida Millatlararo munosabatlar bo`yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazining tashkil etilishini keng jamoatchilik qo`llab-quvvatladi. Bu borada yangi-yangi loyihalar rejalashtirilmoqda.
Mamlakatimizda istiqomat qiluvchi millatlarni yagona Vatan tuyg`usi birlashtiradi. Barcha qonunlarimizda, xususan, Bosh qomusimiz — Konstitusiyada fuqarolarning teng huquqliligi muhrlangan. Jumladan, uning 8-moddasida: “O`zbekiston xalqini millatidan qat`i nazar, O`zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi” deb belgilab qo`yilgan. Ta`kidlash joizki, mazkur yo`nalishdagi islohotlar tobora taraqqiy etib bormoqda. Xususan, “2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi yo`nalishi aynan diniy bag`rikenglik va millatlararo totuvlikni ta`minlash masalasiga bag`ishlangani mamlakat Prezidenti va hukumatining xalqaro hujjatlarda belgilangan umuminsoniy vazifalarga yuksak e`tibor qaratayotgani namunasi hamdir.
Qolaversa, davlatimiz rahbari 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani jahon hamjamiyatining diqqatini tortgan edi. Mazkur hujjat barchaning ta`lim olish huquqini ta`minlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko`maklashish, eng muhimi, bag`rikenglik va o`zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni ta`minlashga qaratilgani bilan e`tiborga molikdir.
Binobarin, omma uchun etnik yaqinlik va dil birligi alohida o`rin tutayotgani uchun ham yurtimizda 130 tadan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandlaridek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo`shib kelmoqda. O`z faoliyatini mamlakatimiz ichki siyosati bilan bog`liq holda olib borayotgan 138 ta milliy madaniy markazning O`zbekistonda millatlalaro totuvlik, diniy bag`rikenglik siyosatini amalga oshirishdagi o`rni ancha salmoqlidir.
Sh. Mirziyoevning 2017 yil 19 maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi tashkil etildi. Bugun mazkur tuzilma yo`nalishga oid yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta`minlovchi davlat boshqaruvi organi sifatida o`z faoliyatini izchil davom ettirmoqda. Qo`mita O`zbekistonda yashayotgan turli millat vakillarining uchrashuv joyi, o`ziga xos “Do`stlik saroyiga” aylanib ulgurdi. Unga ajratib berilgan ko`rkam binoda milliy xalq bayramlari, festival, konsert, taniqli madaniyat arboblari bilan uchrashuvlar, seminar va konferensiyalar muntazam ravishda o`tkazilayotir. Xususan, “16 noyabr – xalqaro bag`rikenglik kuni” munosabati bilan joylarda ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar katta bayram tadbiriga aylanib ketdi.
“Bizning kuchimiz — birlik va hamjihatlikda” kabi festivallar millatlararo do`stlik rishtasini yanada mustahkamlash omiliga aylanayapti. Ayni paytda o`zga millat vakillarining milliy bayramlarini keng miqyosda nishonlash an`anasi qaror topgan. Ruslarning “Maslenisa”, bolgar xalqining “Martinisa”, armanlarning gullar bayrami — “Vardavar”, polyaklarning hosil bayrami — “Dojinki”, koreyslarning “Chxusok”, tatar va boshqirdlarning “Sabantuy”, greklarning “Oxi” singari bayramlari barcha millat vakillari ishtirokida katta tantanaga aylanib ketadi.
Milliy madaniy markazlarda har bir millat urf-odat va qadriyatlarini asrab-avaylash, targ`ib qilish bilan birga, yoshlar o`rtasida keng ko`lamli tarbiyaviy ishlar yo`lga qo`yilmoqda. Zero, insoniyat tarixida erishilgan barcha yutuqlarning tub mohiyatida ahillik va hamjihatlik, tinchlik va barqarorlik omillari yotadi.
Risolat MAXSIMOVA