Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Turkiya Fanlar Akademiyasi Prezidenti Muzaffer Sheker bilan uchrashdi. Ma`lum bo`lishicha, uchrashuvda mamlakatlar o`rtasida ilm-fan va innovasiyalar sohasida, xususan fizika-matematika, biologiya va kimyo sohalarida hamkorlikni yo`lga qo`yish masalalari muhokama qilindi.
O`zbekiston Innovasion rivojlanish vazirligining ma`lum qilishicha, tomonlar quyidagi masalalar bo`yicha kelishuvga erishishgan.
- Ikki tomondan "3+3" (uch kishi turk tomonidan, uch kishi o`zbek tomonidan) formatda moliyalashtiradigan Turkiyadagi ilmiy va ta`lim muassasalarida doktorantura dasturini yo`lga qo`yish. Kelgusi yildan doktorantlar sonini "5+5" formatiga va bosqichma-bosqich yanada kengaytirish;
- Innovasion rivojlanish vazirligi hamkorligida Turkiya Fanlar akademiyasi va O`zbekiston Fanlar akademiyasi o`rtasidagi ilmiy hamkorlikni yo`lga qo`yish;
- O`zbekistondagi ilmiy kengashlarga Turkiya olimlarini jalb qilish va Davlat ilmiy-texnik dasturi doirasidagi loyihalarga turk olimlarining xulosasini olish amaliyotini yo`lga qo`yish;
- 2022 yildan boshlab 20 nafar olimlarning Turkiyadagi qisqa muddatli (3 oylik) ilmiy malaka oshirish kurslarini tashkil etish.
"Suhbat so`ngida aloqalarning asosiy yo`nalishlari belgilangan hamkorlik kelishuvi imzolandi",-deya ma`lum qilinadi xabarda.






