Sevimli

O`zbekistonda 12-14 yoshli qizlar odam papiloma varisuga qarshi emlanmoqda

Salomatlik 14.12.2021, 09:45
O`zbekistonda 12-14 yoshli qizlar odam papiloma varisuga qarshi emlanmoqda

Papilloma virusining 200 dan ortiq turi mavjud bo`lib, shundan 13 tasi onkologik kasalliklarga sabab bo`ladi. Xususan, virusga qarshi o`z vaqtida vaksina olinmasa, 16 va 18-tiplari bachadon bo`yni saratonini keltirib chiqarishi isbotlangan.

Shu sababli Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining bachadon bo`yni saratonini bartaraf qilishni tezlashtirish bo`yicha global strategiyasida 9-14 yoshdagi qizlarni odam papilloma virusiga karshi emlash tavsiya etilgan.

Bachadon bo`yni saratoni tarqalishiga ko`ra, jahonda ayollarda uchraydigan rak kasalliklari orasida to`rtinchi o`rinda turadi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi. 

— Mamlakatimizda bu xastalik barcha yoshdagi ayollar o`rtasida ko`krak bezi saratonidan keyingi o`rinni egallaydi, — deydi Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Xursanoy Jamalova. —  O`lim ko`rsatkichi bo`yicha esa barcha yoshdagi ayollar o`rtasida ko`krak bezi va oshqozon bezi saratonidan keyin uchinchi va tug`ish yoshidagi ayollar orasida ikkinchi pog`onada qayd etiladi.

Shuning uchun ham bachadon bo`yni saratonini keltirib chiqaruvchi bu virusga qarshi emlash ishlarini olib borish kasallikka qarshi kurashishning eng samarali usuli  hisoblanadi.

Mamlakatimizda OPVga qarshi vaksina bilan 9 yoshli qizlarni yalpi emlash 2019 yilda boshlangan edi. Biroq ushbu jarayonda qo`llaniladigan  vaksinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda emlash pulli asosda bajariladi. Yurtimizda esa o`smir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi.

Ayni paytda mamlakatimiz bo`yicha 12-14 yoshdagi qizlar orasida vaksinasiya jarayonlari 3 ming 138 ta emlash punktida amalga oshirilmoqda. 

Ma`lumot uchun, avvalroq yurtimizga Niderlandiyaning “Merk” korxonasida ishlab chiqarilgan 1 million 400 ming doza “Gardasil” vaksinasi olib kelingan va yaroqliligi tekshirilib, tasdiqlangan edi.  

Sharhlar