Shu kunlarda dunyoning yuzdan ziyod davlatlari o`z hududiga koronavirusning yangi shtammi kirib kelishidan xavotirda. Etmishga yaqin davlat esa allaqachon bu xatar bilan yuzlashdi.
O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, pandemiyaning yangi to`lqinidan, ayniqsa, Evropa aholisi jiddiy aziyat chekmoqda. Bu erda “omikron” tufayli epidemiologik vaziyat yanada murakkablashgan.
Xususan, kecha Buyuk Britaniyada yangi mutasiya tufayli dunyo bo`yicha ilk o`lim holati qayd etildi. Ustiga-ustak, mamlakat Sog`liqni saqlash vazirligi kelgusi 48 soat ichida Londonda “omikron” dominant pozisiyani egallashini ma`lum qildi.
Bu xavotirlar bejiz emas, albatta. Chunki Angliyada aniqlanayotgan infeksiyalarning taxminan 20 foizini ayni shu shtamm tashkil qiladi. Biroq Londonda bu ko`rsatkich allaqachon 44 foizga etgan. O`sish sur`atlari shiddat bilan oshmoqda.
Buyuk Britaniya Sog`liqni saqlash vaziri Sajid Javidning ta`kidlashicha, mamlakatda “omikron” bilan kasallanganlarning haqiqiy soni hozirda tasdiqlangan 4,7 ming holatdan ancha yuqori.
Bu virus turi Shveysariyada ham “hukmron” pozisiyani egallashi mumkin. Mamlakat sog`liqni saqlash federal boshqarmasi rahbari Anna Levining aytishicha, kelgusi yil boshida yoki undan ham oldinroq yangi shtammni yuqtirish ko`rsatkichlari “delta”dan oshib ketadi.
Kuni kecha JSST dunyo bo`yicha “omikron” aniqlangan mamlakatlar soni 63 taga etganini tasdiqlagan edi. Ushbu ro`yxatga kecha Vengriya ham qo`shildi. Mamlakatda yangi variant dastlabki ikki bemorda aniqlangan. Biroq kasallikni yuqtirgan er-xotinlar xorijiy davlatlarda bo`lmagan.
Shuningdek, qishki Olimpiada mezbonligiga tayyorgarlik doirasida karantin qoidalariga qat`iy amal qilinayotgan Xitoy Xalq Respublikasida ham dastlabki “omikron”ni yuqtirish holati ro`yxatga olindi.
Yangi shtamm mamlakatning eng yirik metropoliyalaridan biri Tyanszinda, chet eldan safardan qaytgan fuqaroda qayd etilgan.
Rossiyada esa “omikron”ga chalinganlar soni qisqa muddatda 2 nafardan 16 nafarga etdi. Ular Janubiy Afrika Respublikasidan qaytgan 177 nafar fuqaro orasida aniqlangan.






