AsosiyJamiyat

Endilikda tomorqa er egalariga kredit ajratiladi

'Endilikda tomorqa er egalariga kredit ajratiladi'ning rasmi

“Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo`llab-quvvatlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–54-son, 16.12.2021 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko`ra, Fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalarini qo`llab-quvvatlash jamg`armasiga 100 million AQSh dollari ekvivalenti miqdoridagi qarz mablag`lari bosqichma-bosqich 4 yillik imtiyozli davr bilan 9 yil muddatga yillik 2 foiz stavkada yo`naltiriladi.  

Shu asosda tomorqa er egalariga:  

  • qoida tariqasida, 100 bosh parranda, 5-10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5-6 bosh qo`y va echki, 5 ta asalari uyasi, intensiv usulda baliq boqishni yo`lga qo`yish, shuningdek, ixcham issiqxonalar, “dala do`konlari” qurish, artezian quduqlarini qazish;
  • kichik intensiv bog`dorchilik, limonchilik va uzumchilik;
  • poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka etishtirish va sabzavotchilik uchun kredit ajratiladi.

 

2026 yil 1 yanvargacha:

  • tomorqa er egalari bilan kooperasiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlarga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30 foizi miqdorida, biroq 150 mln so`mdan ortiq bo`lmagan hajmda subsidiya beriladi;
  • suv ta`minoti og`ir tomorqa erlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sug`orish uchun vertikal sug`orish quduqlarini burg`ulash, daryolar, kanallar va boshqa suv ob`ektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o`rnatish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi amal qiladi.

 

Qarorga ko`ra, 2022 yilda suv ta`minoti og`ir hududlardagi aholi tomorqalarini sug`orish uchun jami 113 ta tumanda 2 150 ta vertikal sug`orish quduqlari ishga tushiriladi.

2022 yil 1 aprelgacha fuqarolar uchun mo`ljallangan, aholi tomorqalarida etishtirilgan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini marketpleys usulida sotishni yo`lga qo`yish, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish bo`yicha onlayn maslahatlar ko`rsatuvchi maxsus platforma faoliyati yo`lga qo`yiladi.  

Platformaga ulanish va xizmatlardan foydalanish bepul bo`ladi.

Boshqa yangiliklar