1

Qondagi qand miqdorini doimiy tarzda kamaytirib yurish uchun nimalarga ahamiyat berish lozim?

Salomatlik 19.12.2021, 15:55
Qondagi qand miqdorini doimiy tarzda kamaytirib yurish uchun nimalarga ahamiyat berish lozim?

SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diabetologiya bo`limi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza TOHIROVA javob berdi:

— Bemorlar nafaqat qonda qand miqdorining balansiga, balki lipidlar miqdoriga, qon bosimining me`yorda bo`lishiga va qonning quyuqlashmasligiga e`tibor qaratishlari lozim.  

Qondagi qand miqdorini doimiy tarzda kamaytirib yurish uchun sog`lom turmush tarziga rioya qilish – to`g`ri ovqatlanish, serharakat bo`lish, shifokor nazoratida bo`lib, dori vositalarni muntazam qabul qilish tavsiya etiladi.

Kundalik rasiondan engil singuvchi uglevod saqlovchi mahsulotlar (shakar, asal, shirin konditer mahsulotlari, murabbo, shirin va gazli va sun`iy bo`yoqli ichimliklar) chiqarib tashlanishi kerak.  

Shuningdek, noto`g`ri ovqatlanish, kamharakatlilik oqibatida kelib chiqadigan ortiqcha vazn qandli diabetning asosiy sababchisidir. Boisi, kasallikning 2-turi rivojlanishiga inson tanasida mushak to`qimasining kamayib, yog` to`qimasining ko`payishi hisoblanadi. Ammo xastalik semiz bo`lmagan insonlarda ham rivojlanishi mumkin.  

Kasallikning dastlabki belgilari kuzatilgandayoq shifokorga murojaat qilish lozim. Har bir kishi o`zining tanasi vaznini nazorat qilib borishi, uning me`yoriy ko`rsatkichlardan oshib ketishiga yo`l qo`ymasligi talab etiladi.  

Agar insonda diabetga moyillik bo`lsa va u kuchli qo`rquvni boshdan kechirsa, bu insonda kasallikka chalinish ehtimoli bor.  

Surunkali davom etuvchi stress holatlari, uyqusizlik, gipertoniya kasalligi hamda qandli diabet 2-turiga moyil bo`lganlarda ayrim dori preparatlarini muntazam qo`llanishi (ayniqsa, glyukokortikoid guruhiga kiruvchi) ushbu kasallikning rivojlanishiga  sabab bo`lishi mumkin.

Me`yordan ortiq ovqat iste`mol qilish va energiyani sarf qilmaslik natijasida organizmda energiya balansi buziladi. Odatdagidek sarf bo`lmayotgan energiya organizmda glikogen va yog`lar ko`rinishida to`planib boradi.  

Bu jarayon kuchayib borgani sari organizmda insulinga sezuvchanlik kamayib boradi va bu holat uglevodlar almashinuvining buzilishiga olib keladi.  

Ya`ni, qandli diabet 2-turining paydo bo`lishi ijtimoiy holatga emas, balki kamharakatlik, nosog`lom va ortiqcha ovqatlanishga bog`liq.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1