Adliya vaziri Ruslanbek Davletov "Toshkent yoshlar forumi — 2021" doirasida O`zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar, jumladan TikTok va Twitter ning bloklanishi bo`yicha savolga javob berdi.
"Cheklovlar ko`payib ketdi degani bu cheklovlar bo`lmasligi kerak degani emas. Qaerda bo`lsa ham, maqbul darajada bo`lishi kerak deb hisoblayman. Ijtimoiy tarmoqlarga keladigan bo`lsak, men axborot almashinuvida erkinlik tarafdoriman. Bugungi zamonda axborotni hech qachon cheklab, uni jilovlay olmaysiz.
Tarix ham bunga guvoh. Gutenberg 1445-yilda bosma dastgohni kashf qilgan va shu orqali ko`pchilik millatlarning savodi chiqqan. Usmoniylar imperiyasi esa bundan qo`rqib, 18—19-asrgacha Gutenbergning dastgohini mamlakatga kiritmagan. Bu esa millatning savodi bo`yicha qoloq bo`lishiga olib kelgan. Buning orqasidan sanoat, ishlab chiqarish va raqobat Evropada keskin rivojlanib ketdi va G`arb davlatlari har tomonlama o`sishga erishdi.
Axborot almashinuvi doim bo`lishi kerak, bu bilimni kuchaytiradi. Ammo noqonuniy kontent har doim bo`ladi. Noqonuniy kontent nima? Bu terrorizmga boshlovchi chorlovlar, diniy adovatlarni qo`zg`atuvchi materiallar, pornografiya yoki zo`ravonlik haqidagi materiallar. Rivojlangan davlatlarda bularning barchasi qonun bilan tartibga solingan. Qonun bilan ishlasak yanglishmaymiz", - dedi Davletov.