AsosiyDunyo

​"Omikron": Evropa yana tibbiy niqobga "qaytmoqda"

'​"Omikron": Evropa yana tibbiy niqobga "qaytmoqda"'ning rasmi

Koronavirusning “omikron” shtammi haqida borgan sari ko`proq ma`lumotga ega bo`lyapmiz. Ammo olimlar bu borada yakuniy va yakdil xulosa chiqarish uchun hali faktlar etarli emasligini aytishmoqda.

Shunga qaramay, hozirgacha o`tkazilgan izlanishlar natijalari “omikron”ni yuqtirganlarda kasallik “delta”ga nisbatan engil o`tayotgani hamda o`lim ko`rsatkichlari kamligini tasdiqlaydi.

Buni Shotlandiya olimlari o`ziga xos usulda hisob-kitob qilishdi. Buning uchun “omikron” va “delta”ni yuqtirganlar soni hamda gospitalizasiya ko`rsatkichlari o`zaro taqqoslandi.

Ma`lum bo`lishicha, agar yangi shtamm “delta” kabi og`ir kechganida, hozir Shotlandiya kasalxonalarida ushbu variantdan davolanayotgan bemorlar soni 47 nafarni tashkil etishi kerak edi. Vaholanki, bu ko`rsatkich ayni paytda bor-yo`g`i 15 taga teng.

“The Guardian” nashri esa “omikron”ga xos umumiy simptomlar haqida yozdi. Unga ko`ra, ushbu virus turi bilan kasallangan bemorlarda tomoq og`rig`i va qichishishi, mushaklar zirqirashi, charchoq, quruq yo`tal hamda kechasi terlash kabi belgilar kuzatiladi.

Yangi shtammdan ilk o`lim Germaniyada ham qayd etildi.

Buyuk Britaniyada esa koronavirusga chalinish bo`yicha rekord ko`rsatkichlari har kuni yangilanyapti: oxirgi sutkada bu erda deyarli 120 ming yangi holat aniqlangan.

Shunday bo`lsa-da, mamlakatda “omikron”ni yuqtirganlar orasida kasalxonaga yotqizish xavfi keskin kamayib borayotgani ijobiy ko`rsatkich.

Ispaniyada esa nafaqat jamoat joylari, balki ko`chada ham majburiy niqob taqish talabi qayta joriy etilishi ma`lum qilindi. Mamlakatda o`tgan kuni 60 mingta koronavirusga chalinish holati qayd etilgan bo`lsa, shundan qariyb yarmini “omikron” tashkil etyapti.

O`z navbatida, Italiya hukumati 2022 yilning 31 yanvariga qadar ommaviy tadbirlar o`tkazishni taqiqladi, diskotekalar va klublarni yopishga qaror qildi. Endi mamlakatda aholi ko`cha va jamoat joylarida tibbiy niqobda yurishga majbur.

    Boshqa yangiliklar