“Davlat oliy ta`lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–60-son, 24.12.2021 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2022/2023 o`quv yilidan moliyaviy mustaqil davlat OTMlariga quyidagi vakolatlar berildi:
- akademik mustaqillik sohasida:
- o`quv rejalari, dasturlari, malaka talablarini tasdiqlash, ta`lim shaklini belgilash;
- o`qish davomiyligi muddatini belgilash;
- doktorantura kontrakti miqdorini belgilash, o`z hisobidan grant ajratib doktoranturaga kvotaga qo`shimcha qabul qilish;
- doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlash;
- magistratura uchun sirtqi, masofaviy va kechki ta`limni joriy etish;
- akademik mobillikni amalga oshirish;
- o`z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o`quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish;
- ta`lim sifatini ichki nazorat qilish.
Tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasida:
- tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish;
- muassasa tuzilmasini tasdiqlash va shtatini belgilash;
- yangi ta`lim yo`nalishlari va mutaxassisliklarni ochish, amaldagilarini tugatish;
- ishga qabul qilish, ozod etish va rotasiyasiga oid tartibni belgilash;
- masofaviy ta`limni ochish.
Qaror bilan Vazirlar Mahkamasi, vazirlik (idora)larning quyidagi vakolatlari ta`lim muassasalariga o`tkaziladi:
● chet el fuqarolari o`qishini xorijdan davlat OTMlariga ko`chirish;
● qabul komissiyalari tarkibi, imtihon fanlarini tasdiqlash;
● amaliyot o`tashni tasdiqlash;
● kiyim-boshga doir talablarni belgilash.
2022 yil yakunigacha barcha davlat OTMlarning o`quv adabiyotlari to`liq elektronlashtiriladi va yagona “Elektron kutubxona” platformasi ishga tushiriladi.
OTMlarda hisobotlarni tayyorlashning qog`oz shaklidan voz kechiladi va Oliy ta`lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi:
1-bosqichda – 2022 yil 1 martgacha quyidagilar joriy qilinadi:
- “O`quv jarayonini boshqarish” qismi (davomat, o`zlashtirish qaydnomasi va reyting daftarchasi, guruh jurnali, dars va imtihon jadvallari raqamlashtiriladi);
- “Ilmiy jarayonni boshqarish” qismi;
- “Ma`muriy jarayonni boshqarish” qismi;
- “Moliya-xo`jalik faoliyatini boshqarish” qismi;
2-bosqichda – 2022 yil 1 maygacha:
“Ta`lim sifatini nazorat qilish” qismi joriy qilinadi.