O`zbekiston elchixona ko`magida Misrning "Nile Culture" davlat telekanalining "Barcha tillarda" ko`rsatuvining O`zbekiston hayoti haqida maxsus soni namoyish etildi.
Ko`rsatuvda misrlik yozuvchi va jurnalist Abubakr Abu al-Majid mamlakatimizga amalga oshirgan safarining unutilmas taassurotlarini hikoya qilib berdi.
Yarim soat davom etgan maxsus ko`rsatuvda o`zbek xalqining qadimiy madaniyati, urf-odatlari, milliy oshxonasi, O`zbekistonning turistik salohiyati, qadimiy shaharlari, boy tarixiy merosi, jumladan, Samarqanddagi Amir Temur maqbarasi, Bibixonim masjidi, Buxoro shahridagi qadimiy Ark, Toshkentning diqqatga sazovor joylari to`g`risidagi ma`lumotlar va videolavhalar misrlik teletomoshabinlar e`tiboriga havola qilindi.
Dastur davomida, shuningdek, mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti, ko`p millatli aholisi, iqtisodiyoti, tabiiy boyliklari haqidagi alohida videorolik namoyish etildi.






