1

"Gaymorit" rivojlanishiga qanday omillar sabab bo`ladi? Shifokor javob berdi

Salomatlik 03.01.2022, 14:20
"Gaymorit" rivojlanishiga qanday omillar sabab bo`ladi? Shifokor javob berdi

Ba`zilar har tongda iliq vanna qabul qilishni xush ko`radi. Ayrimlar esa ertalab sochini yuvib ishga yoki o`qishga borishga odatlangan. Biroq qishning sovuq kunlarida sochni quritmasdan yoki yupun kiyingan holda ko`chaga chiqish nafas yo`llari kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

Shifokor Ravshanbek UMAROV ana shunday kasallik — gaymoritning turlari, belgilari, sabablari haqida ma`lumot berdi.

"Gaymorit — paranazal (burun yon, yuqori jag` bo`shlig`i) sinus shilliq qavatining juda keng tarqalgan yallig`lanish kasalligi bo`lib, odatda ularda yiringli sekresiyalar to`planadi. Shuni aytish kerakki, burun va paranasal sinus kasalliklari yuqori nafas yo`llarining eng keng tarqalgan patalogiyasi hisoblanadi. Uning kechishi og`irligiga qarab, o`tkir va surunkali turlarga bo`linadi. Gaymorit ko`pincha kuz-qish davrida, inson tanasi zaiflashganda va kasallikni qo`zg`atuvchi bakteriyalarga qarshi tura olmaganida aniqlanadi. Ushbu kasallik bog`cha yoshidagi bolalarda uchramaydi. Chunki kichkintoylarda 7-8 yoshga kelibgina gaymor bo`shlig`i hosil bo`ladi. Bu xastalik asosan o`smir yoshidagi yigit-qizlarda va 30-50 yosh atrofidagi insonlarda kuzatiladi",-deydi shifokor.

Qayd etilishicha, kasallik ko`pincha gaymorit takroriy va uzoq muddatli burun oqishi va sovuq qotishdan keyin rivojlanadi. Burun bo`shlig`iga kirgan gripp virusi, O`RVI infeksiyalari, ko`k yiring tayoqchalari kasallikni qo`zg`atadi.

"Bundan tashqari, yana bir necha omillar gaymoritni keltirib chiqarishi mumkin. Jumladan:

– allergik xastaliklar;

– yuqori jag` tishlari kasalliklari;

– rinit (burun yo`llari shilliq qavati shamollashi) bilan kechuvchi allergik reaksiyalar;

– burun bo`shlig`ining anatomik xususiyatlari;

– immunitetning pastligi;

– adenoidlarning haddan ortiq o`sishi yoki poliplarning shakllanishi;

– sil kasalligi va neoplazmalar;

– surunkali infeksiyalar — faringit (halqum shamollashi), tonzillit va hokazo.

— Gaymoritga chalingan bemorlarda qanday belgilar kuzatiladi?

— Odatda ushbu kasallik bilan og`riyotgan bemorda peshona, ko`z atroflari va burun yon tomonlari va jag` qismida qattiq og`riq kuzatiladi. Ayniqsa, pastga egilganda og`riq yanada kuchayadi",-deydi Ravshanbek Umarov.

Shuningdek, u burundan nafas olishdagi muammolar, yallig`langan sinuslar sohasidagi shishlar, hid bilmaslik, uyquning buzilishi, kechasi va ertalab kuchayadigan quruq refleksli yo`tal, burundan yiring oqishi, doimiy bosh og`rig`i hamda tana haroratining ko`tarilishi ushbu kasallikning asosiy belgilari hisoblanishini aytadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1