2022 yil 1 yanvar kuni soat 03:30 larda 20 yoshli K.K. o`zining to`rt nafar tanishi bilan birga M.N.,ning boshqaruvidagi “Cobalt” ga o`tirib, uning Marg`ilon shahar Qo`rg`ontagi ko`chasida joylashgan uyiga otlanishadi. Ko`cha boshida to`htab turgan “Gentra” va “Nexia-3” avtomashinalarni ko`rib, ularning yonida turgan 23 yoshli M.A. va uning sheriklariga avtomashinalariga yo`l berishlarini so`rashadi. Shu vaqtda o`zaro og`zaki janjallashib qolishib, M.A. o`zining yonida bo`lgan pichoq bilan K.K.,ning ko`krak sohasiga bir marta urib, sheriklari bilan avtomashinalariga o`tirib, hodisa joyidan qochib ketishadi.
Hodisa haqida xabar bergan IIV huzuridagi Tergov departamentiga ko`ra, olgan tan jarohatlari natijasida K.K. vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Farg`ona viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o`lishiga sabab bo`lgan qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, M.A. prosessual tartibda ushlangan.






