1

O`zbekiston va Qirg`izston o`rtasidagi hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi

Siyosat 15.01.2022, 16:59
O`zbekiston va Qirg`izston o`rtasidagi hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi

O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov O`zbekistonda o`z diplomatik missiyasini yakunlayotgan Qirg`iziston Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi I.Djunusovni qabul qildi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, uchrashuv chog`ida ko`p qirrali O`zbekiston-Qirg`iziston hamkorligining bugungi holati va uni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi, shuningdek, qo`shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish bo`yicha keyingi sa`y-harakatlar belgilandi.

2021 yilda Qirg`iziston Respublikasi Prezidentining O`zbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlari bo`yicha ikki mamlakat o`rtasidagi munosabatlar alohida dinamikaga ega bo`lganligi qayd etildi. Tashrif doirasida ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, Hukumatlararo qo`shma komissiyaning yig`ilishi hamda O`zbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg`iziston Respublikasi hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashinining yig`ilishi o`tkazildi.

Savdo-iqtisodiy sohada erishilgan muvaffaqiyatlar alohida ta`kidlandi. Jumladan, so`nggi uch yilda ikki davlat o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 16 foizga oshib, 1 milliard dollarlik marraga yaqinlashdi. Transchegaraviy savdoni rivojlantirish hamda ikki mamlakatning logistika va tranzit salohiyatidan to`liq foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, yaqin kelajakda o`zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga etkazish uchun salmoqli imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Tomonlar investisiyaviy hamkorlik va sanoat kooperasiyasi sohasidagi hamkorlikni ham muhokama qildilar. Istiqbolli loyihalarni, shu jumladan, 2021 yilda tashkil etilgan O`zbekiston-Qirg`iziston taraqqiyot jamg`armasi mablag`lari hisobidan amalga oshiriladigan loyihaviy tashabbuslarni ishlab chiqish va ularni ilgari surish yuzasidan keyingi tadbirlar belgilandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud kelishuvlarning sifatli va o`z vaqtida amalga oshirilishiga sodiqligini bildirdilar. O`zbekiston tomoni I.Djunusovga O`zbekiston Respublikasi va Qirg`iziston Respublikasi o`rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish va chuqurlashtirishga qo`shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi hamda keyingi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1