Farzandingizda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Uni uy sharoitida qanday davolash mumkin? Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Abdumannon ABDUQAYuMOVning tavsiyalari shu haqda.
Koronavirusning yangi shtammi aksariyat bemorlar, ayniqsa, bolalarda engil kechmoqda. U asosan tana haroratining ko`tarilishi, tomoq og`rig`i, burun oqishi, yo`tal, bosh og`rig`i belgilari bilan namoyon bo`ladi.
Ta`m va hid bilish qobiliyatining yo`qolishi deyarli kuzatilmaydi. Bolalarda ba`zi hollarda turli toshmalar ham paydo bo`lishi mumkin.
Tana harorati bir yoshgacha bo`lgan bolalarda 38,0, bir yoshdan oshgan o`g`il-qizlarda esa 38,5 darajadan oshmaguncha, hech qanday dori vositalari berish tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, antibiotiklar virusli infeksiyalarda umuman natija bermaydi.
Tana harorati yuqoridagi o`lchovlardan oshganda, ibuprofen yoki parasetamol ichirish tavsiya etiladi. Kichik yoshli bolalarga isitma tushiruvchi svechalarni ham qo`llasa bo`ladi.
Uy sharoitida koronavirusga chalingan bolalarga:
✅ 3 kungacha har soatda oz-ozdan suyuqlik ichiriladi;
✅ darmondorilarga boy taom va mahsulotlar beriladi,
✅ o`z vaqtida va me`yorida uxlashi hamda sovqotib qolmasligi choralari ko`riladi,
✅turli vitaminlar iste`mol qilinadi.
Agar bolalarda kasallik davomida :
- nafas etishmovchiligi,
- hansirash,
- lablarning chetlari ko`karishi,
- holsizlik,
- chuqur yo`tal belgilari paydo bo`lsa, oilaviy shifokor yoki mahalliy pediatr bilan maslahatlashgan holda bemorning stasionar tarzda davolanishi masalasi ko`rib chiqilishi kerak.
Shu o`rinda farzandlariga COVID-19 tashxisi qo`yilgan ota-onalardan ortiqcha xavotir va sarosimaga berilmay, shifokor tavsiyalariga amal qilishlarini so`raymiz.