1

Mutaxassis: “Zangiota shifoxonasiga murojaat qilayotgan 90-95 foiz bemorlarda o`pka zararlanishi kuzatilmayapti"

Salomatlik 19.01.2022, 11:36
Mutaxassis: “Zangiota shifoxonasiga murojaat qilayotgan 90-95 foiz bemorlarda o`pka zararlanishi kuzatilmayapti"

O`tgan ikki yil davomida koronavirus infeksiyasining turli shtammlari bilan yuzlashdik. Xususan, kasallikning “delta” va “britancha” mutasiyalari bemorlarda ancha og`ir kechgan bo`lsa, uning yangi turi aksincha biroz engil o`tyapti.

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov shu haqdagi fikrlari bilan o`rtoqlashdi.

Ayni paytda muassasamizda koronavirusga chalingan 1300 nafardan ziyod bemor davolanmoqda,  Afsuski, so`nggi kunlarda aholi orasida kasallanish holatlari ko`p kuzatilayotgani bois, 5 yanvardan shifoxonaga murojaat qilayotgan bemorlar soni ham keskin oshdi.

Hozirda muassasamizga o`rtacha kuniga 300-400 nafar bemor murojaat qilib, shundan 200-300 nafari gospitalizasiya qilinyapti. Vaholanki, yanvar oyining to`rtinchi sanasiga qadar kuniga 65-70 ta murojaat bo`lib, shundan 70 foiz bemor davolanishga yotqizilgan.

Bugungi kunda muassasamizga murojaat qilayotganlarning aksariyati engil darajadagi bemorlarni tashkil qilmoqda. Ularda kasallik asosan:

  • isitma,  
  • bo`g`imlarda og`riq,  
  • bosh og`rig`i,  
  • holsizlik kabi oddiy respirator belgilar bilangina namoyon bo`lyapti.  

Qolaversa, 5 yanvardan boshlab shifoxonaga kelayotgan 90-95 foiz bemorda saturasiyaning pasayishi va o`pkaning zararlanishi kuzatilmayapti. Virusning jiddiy asoratlar bilan kechishi nisbatan kam. O`pkada zararlanish deyarli kuzatilmayapti.  

Davolanish muddati esa qisqarib, o`rtacha 5 kunni tashkil qilmoqda. Eng muhimi, og`ir ahvoldagi bemorlarni davolashda ishlatiladigan virusga qarshi remdesivir va boshqa  dori vositalariga bo`lgan extiyoj kamaydi.

Natijada bugungi kunda 190 o`ringa mo`ljallangan jonlantirish bo`limida davolanayotgan bemorlar soni sezilarli darajada qisqardi. Vaholanki, “delta” shtammi avj olgan o`tgan yil yoz oylarida reanimasion bo`limlarda bemorlar soni ancha ko`p edi.

️Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan ortiqcha sarosimaga berilmasliklarini, zarurat bo`lmaganda yuqumli kasalliklarni davolash muassasalariga bormasliklarini, agar o`zlarida kasallik belgilarini sezsa, darhol oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga, poytaxtimiz aholisi esa Toshkent shahrining 12 ta tumanida tashkil etilgan maxsus poliklinikalarga murojaat qilishlarini so`raymiz. Eng muhimi, bevosita koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan amaliyotchi shifokor sifatida barchani kasallikka qarshi emlanishga, agar vaksina olgan bo`lsa, buster dozalarini olishga chaqirib qolaman.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1