1

O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildi.

Siyosat 20.01.2022, 16:32
O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, tovar ayirboshlash ortayotgani va kooperasiya aloqalari kuchayib borayotgani, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 5-6 dekabr kunlari Qozog‘iston Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan savdo va logistika, mashinasozlik, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo va farmasevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish, shuningdek, ikki mamlakat hududida Sanoat kooperasiyasi xalqaro markazi va ulgurji-taqsimlash markazlarini barpo etishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidenti tomonidan mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ko‘rib chiqildi. Prezidentlar joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuviga doir masalalarni muhokama qildilar.

Telefon orqali muloqot har doimgidek ochiq, amaliy va do‘stona ruhda o‘tdi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1