Toshkent viloyatining Oqqo`rg`on tumanidagi "Shohruxiya shahristoni" moddiy madaniy meros obektida noma`lum shaxslar tomonidan qazish ishlari olib borilayotgani aniqlandi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi xabar bermoqda.
Ushbu shaxslar maxsus metall qidiruv moslamasi yordamida madaniy meros obektidan 3 dona temir metall buyumi olayotganda qo`lga olingan.
"Ma`lumot o`rnida aytish joizki, "Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to`g`risida"gi Qonunning 10-moddasiga ko`ra, moddiy madaniy meros obektlari joylashgan erlarda hamda ularda tutash hududlarda er qazish, qurilish, meliorasiya, xo`jalik ishlari va boshqa ishlar, shuningdek, moddiy-madaniy meros obektlarida ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar maxsus ruxsatnoma olingandan so`ng amalga oshiriladi", - deyiladi xabarda.
Ayni damda qonunbuzarlarninig shaxsiga aniqlik kiritilib, viloyat prokuraturasi tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






