Fuqaroni maktab internati direktori lavozimiga tayinlamoqchi bo`lgan o`rinbosar va uning sherigi kadrlar bo`limi boshlig`i ushlandi. Bu jinoyat Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Surxondaryo viloyati boshqarmalari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda fosh bo`ldi.
Sho`rchi tumanidagi Ko`zi ojizlar va zaif ko`ruvchi bolalarga ixtisoslashtirilgan maktab internati direktorining o`rinbosari U.Ya. fuqaro B.ning ishonchiga kirib, uni 13 000 AQSh dollari evaziga Xalq ta`limi boshqarmasida ishlovchi tanishi orqali o`zi ishlaydigan internatga direktor lavozimiga tayinlatib berishni va`da qilgan. Shundan 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanib, uning ko`rsatuviga asosan davom etgan tadbirda, Surxondaryo viloyati Xalq ta`limi boshqarmasi kadrlar bo`limi boshlig`i B.E. 5 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






