1

Toshkentda pora talab qilgan bog`cha mudirasi sud oldida javob berdi

Jamiyat 14.02.2022, 16:12
Toshkentda pora talab qilgan bog`cha mudirasi sud oldida javob berdi

Toshkent shahridagi davlat maktabgacha ta`lim tashkilotidan birida mudira vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimida ishlab kelgan mudira 400 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkent shahar sudi Matbuot xizmati rahbari Sadoqat Allaberganovning ma`lumotiga ko`ra, mudira ushbu pora evaziga fuqaroning ikki yoshga to`lmagan qizini bog`chaga uch yoshgacha hujjatsiz qatnashiga sharoit yaratishni hamda olti yoshga to`lgan bolani esa tashkilotga yo`llanma asosida bir oy muddat ichida rasmiy ravishda qabul qilishini va`da qilgan.

Shuningdek, farzandini joylashni so`ragan onadan har oyda 250.000 so`m miqdorida ota-ona badal to`lovini to`lab borishini ham talab qilgan. Vaholanki, u davlat maktabgacha ta`lim tashkilotiga faqat 3 yoshga to`lgan bolalarni qabul qilinishini oldindan bilgan. Sudlanuvchi sud majlisida aybiga qisman iqror bo`lgan. Sud majlisida esa mudiraning jinoyatni sodir etganlikdagi aybi guvohning ko`rsatmasi bilan o`z tasdig`ini topgan.

Guvohning ko`rsatmasidan:

— Uch nafar voyaga etmagan farzandim bor. Rafiqam ishga kirmoqchi edi, shu sababli ikki nafar farzandimni bolalar bog`chasiga joylashtirmoqchi bo`ldim. Istiqomat qiladigan hududimda joylashgan davlat maktabgacha ta`lim tashkilotiga borib, tashkilot rahbari bilan uchrashdim. 2020 yil tug`ilgan qizim va 2015 yil tug`ilgan o`g`limni shu bog`chaga bermoqchiligimni aytdim. Rahbar ayol “har bir bola uchun har oyda 250.000 so`mdan ovqat puli to`laysiz. Ikki yoshga to`lmagan qizingiz uchun 300 AQSh dollari va olti yoshli o`g`lingiz uchun 100 AQSh dollari, jami 400 AQSh dollari evaziga bog`chaga qabul qilaman”, dedi. Farzandlarimning hech qanday hujjatlarini so`ramadi. Shunday bo`lsa-da, farzandlarimni ertadan olib kelishim mumkinligini aytdi. Hech qanday hujjat so`ramaganligi sabab, harakatlari noqonuniy ekanini tushundim va Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasiga ariza bilan murojaat qildim. 

 

Sud qarori bilan mudira Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. JKning 45-moddasiga asosan 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 16.200.000 so`m jarima jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchini JKning 62-moddasiga muvofiq, uy qamog`ida saqlangan etmish besh kunini bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismiga tenglashtirib, unga uzil-kesil 6.075.000 so`m jarima jazosi qoldirildi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1