AsosiyJamiyat

Andijon shahar hokimi davlatga 1,7 mlrd so`m zarar etkazganlikda ayblanmoqda

'Andijon shahar hokimi davlatga 1,7 mlrd so`m zarar etkazganlikda ayblanmoqda'ning rasmi

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov 8 ta holatda jami 19618 kv. metr er maydonini noqonuniy ajratish orqali davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so`m zarar etkazganlikda ayblanmoqda.

Hokim bir vaqtning o`zida deputat bo`lganligi bois Andijon viloyati prokuraturasi uni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo`yicha Xalq depututlari Andijon viloyati kengashiga taqdimnoma kiritdi. Bu haqda “Gazeta.uz” internet nashri xabar bermoqda.

Andijon shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida deputat va shahar hokimi Bahrom Haydarovni tergovga jalb qilish maqsadida Andijon viloyati prokuraturasiga taqdimnoma kiritildi.

Dastlabki tergov harakatlari davomida Bahrom Haydarov hokimiyat huzuridagi Er maydonlarini ajratish bo`yicha doimiy ishlovchi maxsus komissiya a`zolari bilan guruhda Er kodeksining 17, 23, 62 moddalari, qolaversa, prezident va Vazirlar Mahkamasining qaror hamda farmoyishlariga zid ravishda jismoniy va yuridik shaxslarga auksion orqali o`zining vakolatidan qasddan foydalanib, er maydonlarini to`g`ridan-to`g`ri ajratilishi haqida mutasaddi mansabdorlarga ko`rsatma bergani aniqlangan.

Bundan tashqari, hokim aslida bekor qilingan hujjatlarni asos qilib ko`rsatgan holda, komissiya dalolatnomalari va er ajratish to`g`risidagi qarorlariga soxta ma`lumotlar va yozuvlar kiritib, 2019−2020 yillarda er maydonlarini ajratish to`g`risidagi qaror va farmoyishlarni qabul qilgan.

Taqdimnomaga muvofiq, Bahrom Haydarov jami 8 ta holatda 19 618 kvadrat metr erni noqonuniy ajratish orqali jami 1 mlrd 779 mln so`m minimal auksion bahosi qiymatidagi pul mablag`larini davlat byudjetiga undirilmay qolishiga sababchi bo`lgan va davlat manfaatlariga zarar etkazgan.

Shahar hokimining harakatlarida JKning 205-moddasi 2-qismi «a» bandi, 209-moddasi 2-qismi «a» bandi va 229-moddasi 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlar tarkibi mavjudligi qayd etilgan. Shundan kelib chiqib, unga nisbatan ehtiyot choralarini qo`llab lozimgini ko`rsatilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbarining xabar berishicha, mazkur xat asosida 3 fevral kuni Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan Xalq deputatlari Andijon viloyati kengashiga taqdimnoma kiritilgan.

 

    Boshqa yangiliklar