AsosiyJamiyat

Raqqosalarga qo`shilib raqs tushayotgan primadonna, yoxud Yulduz Usmonova konsert kunlarini yana uzaytiradimi?

'Raqqosalarga qo`shilib raqs tushayotgan primadonna, yoxud Yulduz Usmonova konsert kunlarini yana uzaytiradimi?'ning rasmi

An`anaga muvofiq, bu yil ham bahorning ilk oyida O`zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova “Xalqlar do`stligi” san`at saroyida yangi konsert dasturini taqdim etadi. Ayni kunlarda tayyorgarlik jarayoni qizg`in kechmoqda. "Darakchi" konsert oldi maxsus reportaj tayyorladi. Shuningdek, ko`pchilikka qiziq bo`lgan ayrim savollarga ham javob oldik. 

— Avvalo, sizga hormang deymiz. Birinchi savolimiz, tayyorgarlik jarayonida Yulduz Usmonovani qiynayotgan holatlar ham kuzatiladimi?

— Rahmat, salomat bo`linglar! Repetisiyani ikki oy oldin boshlagandik. Har kuni deyarli shu erdamiz. Orada sozandalarimiz to`y xizmatlariga chiqib kelishadi. Shunaqa paytda dam olamiz, xolos. Albatta, jarayonda har xil holat bo`ladi. Qiyinchiligi esa, masalan, bir raqqosa kelsa, ikkinchisini kutishimizga to`g`ri kelib qoladi. Aksariyat qizlarimiz Xoreografiya akademiyasida ta`lim olayotgan talabalar bo`lishganligi sabab repetisiya jarayonlariga darsdan so`ng kelishadi. 

— Yaxshi bilamizki, Yulduz Usmonovaning konsertiga tushishni, uning sahnadagi ijrosini eshitishni xohlovchilar ko`p. Bizdagi ma`lumotlarga ko`ra, chiptalar allaqachon sotilib bo`lgan. Yana talab bo`lsa, konsert kunlari uzayishi mumkinmi?

— Yo`q. To`g`ri, chiptalar sotilib bo`lgan, ikki kun kunduzgi vaqtda berilishi kerak bo`lgan qo`shimcha dasturning chiptalari ham hali e`lon qilinmasdan turib tugab bo`ldi. Lekin endi talab bo`lsa ham, qo`shimcha kun qo`sha olmaymiz. Sababi, bu erda sog`lik masalasi ham bor-da. Konsert to`liq jonli ijroda bo`ladi. Ovoz charchashi tabiiy. Dasturning hech bo`lmaganda 30 foizi fonogramma bo`lganda ham boshqa masala edi. 

Konsert muharriri Lola Sobirovaning so`zlariga ko`ra, Yulduz Usmonova  kutgan natijasi chiqmaguncha o`n soatlab qayta-qayta harakat qilaveradi. U bilan ishlayotgan hech bir odam talabchanliklari va dakkilaridan xafa bo`lmaydi. 

Yulduz Usmonova bilan qilingan maxsus intervyuni va videoreportajni esa yaqin tez orada "darakchi.uz" saytida va 24 fevral kuni nashrdan chiqadigan "Darakchi" gazetasining 8-sonida o`qishingiz mumkin!

Mohigul DIYoRXO`JAEVA, Mohinur RUSTAMOVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar