Navoiy shahrida bemorning kasallik varaqasini berish uchun uning onasini jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan shifokor qo`lga olindi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko`ra, Navoiy viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazining Nevrologiya bo`limi mudiri vazifasida ishlagan K.R. davolanish uchun yotgan ikkinchi guruh nogironi G.I.ning davolangani bo`yicha bir yarim oy davomida kasallik varaqasini (ko`chirma) bermasdan kelgan. U bemorning onasi T.L.ni qarshiligiga qaramasdan kasallik varaqasini berish uchun u bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelgan.
2022 yilning 12 fevral Navoiy viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo`limi xodimlari tomonidan Navoiy shahar «Guliston-2» MFY 2-uyning beshinchi qavatidagi raqamsiz xonadonga K.R. o`zi bilan T.L.ni olib kirgan vaqtida ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 121-moddasi (ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatalari olib borilmoqda.






