26 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Turkiya etakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog`lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, Turkiyaning do`st xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Muloqot chog`ida ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar ko`rib chiqildi.
O`zbekiston-Turkiya ko`p qirrali hamkorligi barqaror va jadal sur`atda rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Turli darajalarda faol muloqotlar davom ettirilmoqda, o`zaro savdo ko`rsatkichlari o`smoqda. Ikki mamlakat etakchi hudud va korxonalarining kooperasiyasi kengaymoqda, birgalikda qator yirik investisiya va infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Muhim madaniy-gumanitar dasturlar ro`yobga chiqarilmoqda.
Davlat rahbarlari Toshkent shahrida o`tkaziladigan Strategik hamkorlik bo`yicha oliy darajadagi kengashning navbatdagi yig`ilishiga tayyorgarlik ko`rish masalalariga alohida e`tibor qaratdilar.
Xalqaro siyosat va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashildi.
Telefon orqali muloqot har doimgidek do`stona va ishonch ruhida o`tdi.






