Avvalroq, Navoiy viloyati bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazi Nevrologiya bo`limi mudiri bilan bog`liq jirkanch holat haqida xabar berilgan edi.
Unga ko`ra, bo`lim mudiri R.R. tibbiyot xodimi nomiga noloyiq xatti-harakatlarni sodir etib, bo`limda muolaja olgan ikkinchi guruh nogironi G.I.ning onasi T.L.ga farzandining davolanganligi bo`yicha kasallik varaqasi(ko`chirma)ni bir yarim oy davomida bermasdan kelgani, shuningdek, uni jinsiy aloqa qilishga majburlagan.
Holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligi munosabat bildirdi.
"Sog`liqni saqlash vazirligi kasb va toifa tanlamaydigan axloqsizliklar tibbiyot xodimlari orasida ham kuzatilishini oq xalatga tushgan dog` deb hisoblaydi. Shu bilan birga, bu kabi illatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo`ladi.
Qolaversa, tibbiyot xodimlarining qadr-qimmati va insonlik sha`ni oyoqosti qilinishiga qarshi turadi. Shu sababdan ham bunday holatlarda hodisaning asl mohiyati aniqlashtirilgach, yakuniy xulosaga kelish maqsadga muvofiq.
Ayni paytda voqea yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Shu bilan birga, jamoada odob-axloq qoidalarini nazorat qilishda sustkashlikka yo`l qo`yganligi va qo`l ostidagi xodimlari ustidan etarli nazorat o`rnatmagani uchun markaz direktori Sh.Xudayberdiev egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
O`z navbatida, vazirlikning Komplaens, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatiga tegishli tartibda tekshiruv o`tkazish bo`yicha topshiriq berildi.
Shu o`rinda yurtdoshlarimiz va tibbiyot xodimlaridan tizimdagi noqonuniy xatti-harakatlarga duch kelishsa, darhol vazirlikning mazkur boshqarmasiga qarashli 71-241-10-65 telefon raqamiga murojaat qilishlarini so`raymiz", - deyiladi SSV munosabtida.






