Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiyani Ukraina hududida barcha yo`nalishlarda keng ko`lamli operasiyani boshlashga chaqirdi. Bu haqda u o`zining Telegram kanalida yozib qoldirgan.
“Aniq qaror qabul qilish va Ukrainaning barcha hududida keng ko`lamli operasiyani boshlash vaqti keldi. Men ham bir necha bor terrorchilarga qarshi taktika va strategiyalarni ishlab chiqqanman, janglarda qatnashganman. O`ylashimcha, Ukrainaga hujum qilish bo`yicha juda sust taktika tanlangan. Bu uzoq davom etadi va samarali emas. Shahar va qishloqlarni banderoveslar (1940-59 yillarda Stepan Bandera tomonidan boshqarilgan Ukraina millatchilar tashkiloti), “Azov” hamda boshqa millatchilardan ozod qilishimiz lozim. Harbiylarning harakatini muvofiqlashtirish, kuchlarni to`g`ri taqsimlash va hal qiluvchi hujumni amalga oshirish zarur. Boshqa hech narsa kerak emas. Rossiya mazlum xalq himoyasiga chiqdi va buning natijasida bizga qarshi har xil sanksiyalar qabul qilindi. Evropa, G`arb Rossiyaga zarar etkazish uchun aqlga sig`maydigan barcha ishni qildi. Xo`sh, nega endi to`xtashimiz kerak? Boshlagan ishimizni oxiriga etkazishimiz va ortga qaramay, olg`a intilishimiz zarur. Nima bo`lsa bo`lar. Urushda vayron ham qilinadi, o`ldiriladi ham. Afsuski, bularsiz jang qilishni iloji yo`q. Ammo agar Ukraina xalqi va Qurolli kuchlari biz bilan muloqot qilishni istamasa, muzokaralarni chetga surib, nasistlar va shaytonlarga qarshi chora ko`rish niyatida bo`lmasa, biz boshlagan ishimizni zudlik bilan yakunlashimiz lozim”, deydi Qodirov.
Qodirov gaplari so`ngida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan Chechenistonda keksalar va bolalarni o`ldirgan fashistlar hamda terrorchilar bilan jangni tugatishi uchun maxsus kuchlarga ko`rsatma berishini so`ragan.






