Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari raisligida yig`lish ayollarga e`tirof bilan boshlandi.
“Donishmand xalqimiz hamisha ayollarni e`zozlab yashagan, xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko`rsatib yashash el-yurtimizga xos azaliy qadriyatga aylangan.
Buni muqaddas Qur`oni karimning eng katta suralaridan biri – “Niso”, ya`ni “Ayollar” deb atalishi ham tasdiqlaydi. Alloh taolo ushbu surada insonlarni ayollarga adolatli munosabatda bo`lishga da`vat etadi.
Muqaddas hadisi shariflarda ham xotin-qizlarga doimo yaxshilik qilish buyurilgan.
Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi ulug` ajdodlarimiz, ma`rifatparvar jadidlarimiz ham oilaning tinch, mustahkam va farovon bo`lishida, farzandlar tarbiyasida xotin-qizlarning o`rni va ta`siri beqiyos ekanini alohida ta`kidlaganlar.
Bugungi kunda muhtarama opa-singillarimiz jamiyatimizda olib borilayotgan o`zgarish va yangilanishlar jarayonida, boshqaruv tizimida, tadbirkorlik, ilm-fan, sog`liqni saqlash, madaniyat va san`at sohalarida, mahallalarda qanchalik fidokorona mehnat qilib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz".
Davlatimiz rahbari kirish so`zini davom ettirdi:
“Xabaringiz bor, biz o`z faoliyatimizning ilk kunlaridan boshlab munis va mo``tabar ayollarimizning og`irini engil qilish, huquq va manfaatlarini ta`minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish masalasini davlat siyosatining muhim yo`nalishi sifatida belgidik.
Barcha islohotlarimizning mazmuni, “Inson qadri uchun” tamoyilining mohiyati ham aynan shunga qaratilgan.
Hech shubhasiz, bugungi farovon hayotimiz ham, yorug` kelajagimiz ham albatta oila va jamiyatning ustuni, hayotimizning fayzi va ko`rki bo`lgan ayollarga bog`liqdir.
Agar biz xalqimiz bizdan rozi bo`lishini xohlasak, avvalo, mo``tabar onalarimiz, opa-singillarimiz, qizlarimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak.
Biz mana shu hayotiy haqiqatdan kelib chiqqan holda, bu masalada bir qator muhim qonunlar, farmon va qarorlar qabul qildik".