Tashqi mehnat migrasiyasi axborotida aytilishicha, agar migrantning huquqi va qonuniy manfaatlari buzilsa, ish beruvchi tomonidan hujjatlari olib qo`yilsa, kompensasiya to`lovlari, oylik ish haqi o`z vaqtida to`lanmasa, murakkab vaziyatda qolsa, huquqiy maslahatlar yoki boshqa masalalarda muammolar yuzaga kelsa, O`zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari hamda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.
Vakolatxonalar tomonidan mehnatga oid nizolar, xususan, Rossiya Federasiyasining migrasiya qonunchiligi, ro`yxatdan o`tish, bandlik masalalari bo`yicha maslahatlar berish, yurtdoshlarimizni ishga yo`naltirish, ish haqini to`lamaslik holatlarini hal qilishda ko`maklashish, majburiy mehnatdan jabrlangan fuqarolarga yordam ko`rsatish, o`z vakolatlari doirasida yuridik va huquqiy yordam xizmatlari ko`rsatiladi.
"Shu munosabat bilan, xorijda ishga joylashtirish vakolatiga ega bo`lmagan tashkilotlar yoki shaxslarga ishonmaslikka, turli ko`rinishdagi shartnomalarni tuzmaslikka va to`lovlarni amalga oshirmaslikka chaqiramiz",–deyiladi xabarda.






