Bahor faslining ilk kunlarida Toshkent Botanika bog`iga introduksiya qilingan magnoliya daraxtlari gulladi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar bermoqda.
Xushbo`y hidli bu daraxt nomi 1703-yilda fransuz botanigi Per Magnol sharafiga Magnoliya deb nomlangan.
Magnoliya (Magnoliaceae) magnoliyadoshlar oilasiga mansub doim yashil yoki barg to`kadigan daraxtlar turkumidir. Sharqiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo, Shimoliy Amerikaning Janubiy-Sharqi hamda Markaziy Amerikada 80 dan ortiq turlari bor. Toshkent Botanika bog`ida Magnoliya turkumining Yirik gulli magnoliya (Magnolia grandiflora), Sulanja magnoliyasi (Magnolia x soulangeana), Kobus magnoliyasi (Magnolia kobus), yulduzsimon magnoliya ( Magnolia stellata), uchbargli magnoliya ( Magnolia tripetala) kabi turlarini uchratishingiz mumkin.
Ushbu xushbuy gulli manzarali daraxtlarni ko`rish uchun xorijga borish shart emas, Toshkent Botanika bog`iga tashrif buyursangiz kifoya. Qiyg`os gullab turgan magnoliyalar kishiga o`zgacha zavq beradi.






