Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Tojikiston Respublikasining So`g`d viloyati Mastchoh tumanida yashovchi, 1981 y.t. fuqaro 5 kg 817 gr. “gashish” moddasini o`zbek-tojik davlat chegarasidan kontrabanda yo`li bilan o`tkazib, Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida xufiyona joyga yashirgan vaqtida qo`lga olindi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX Matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, Farg`ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Rishton tumanida yashovchi, 1993 y.t. shaxsning topshirig`iga ko`ra Marg`ilon shahrida istiqomat qiluvchi, 1985 va 1990 yillarda tug`ilgan ikki fuqaro Toshkent viloyatining Ohangaron tumaniga borishadi va muqaddam tojikistonlik narkokur`er tomonidan kontrabanda yo`li bilan o`tkazilib, xufiyona joyga yashirib ketilgan 2 kg 678 gr. “gashish” moddasini olib, ortlariga qaytishadi. Ular kelayotgan avtotransport vositasi Xizmatning Farg`ona viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan yo`l harakati xavfsizligi xodimlarini jalb etgan holda Dang`ara tumanida to`xtatilib, narkokur`erlar qo`l olindi. Shuningdek ushbu ajal og`usining buyurtmachisi hisoblangan rishtonlik fuqaro ham ushlandi.
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1983 y.t. shaxs 1 kg 883 gr. “opiy” moddasini Samarqand viloyatining Tayloq tumaniga olib kelib, 1980 y.t. fuqaroga sotayotgan vaqtida ularning ikkalasi ham DXX xodimlari tomonidan qo`lga olindi. Shuningdek, Tojikiston Respublikasidan o`tkazilgan ushbu narkotikning egasi - denovlik, 1985 y.t. fuqaro ham ushlandi.
Chirchiq shahrida yashovchi, 1995 y.t. fuqaro “Bek Baraka” savdo majmuasi yonida Xizmatning Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi va Bojxona qo`mitasi xodimlari tomonidan to`xtatilib tekshirilganda, uning yonida 926 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlandi. Shuningdek, uning 1993 y.t. akasining Yangiyo`l tumanidagi vaqtincha yashash xonadonidan 369 gr. “opiy” moddasi prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Surishtiruv harakatlari davomida ushbu giyohvandlik vositalari muqaddam uchinchi shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan Toshkent viloyati hududiga o`tkazilganligi ma`lum bo`ldi.
Qashqadaryoda kuzatilgan holatda Surxondaryo viloyatida yashovchi, 1985 va 1987 yillarda tug`ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog`liq jinoyat sodir etganliklari uchun sudlangan ikki fuqaro 514 gr. “opiy” moddasini Denov tumanidan Koson tumaniga olib ketayotgan vaqtlarida ushlandi.
Andijon viloyatida o`tkazilgan tezkor tadbirda Xo`jaobod tumanida yashovchi, 1990 y.t. shaxs 4480 dona “Lirika” va 895 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini 20 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo`lga olindi.
Qo`qon shahrida qayd etilgan holatda esa 1987 y.t. fuqaroning yashash xonadonida 1160 dona “Selofen”, 60 dona “Tropikamid”, shuningdek, uning sherigi, 1985 y.t. shaxsga tegishli “Neksiya” rusumli avtomashinada 2240 dona “Regapen” va 100 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, o`rnatilgan tartibda olib qo`yildi.
Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida yashovchi, 1993 y.t. fuqaro muqaddam Qirg`iziston Respublikasidan Namangan viloyatining Yangiqo`rg`on tumani hududiga o`tkazilgan 1218 dona “Lirika” va 898 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini olib kelayotgan vaqtida Shirin shahrida qo`lga olindi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.