AsosiyJinoyat

Turin politexnika universiteti talabasini bir musht bilan o`ldirib qo`ygan yigitga sud hukum o`qidi

'Turin politexnika universiteti talabasini bir musht bilan o`ldirib qo`ygan yigitga sud hukum o`qidi'ning rasmi

Turin politexnika universiteti oldida 18 yoshli ikki yigit o`rtasidagi janjal oqibatida bir talaba halok bo`lgani haqida xabar berilgan edi.

Unga ko`ra, 2022 yil 25 noyabr kuni taxminan soat 13.00 da Turin politexnika universitetining darvozasi yonida bir nechta yosh yigitlar uchrashishgan. Kelishmovchilik natijasida 18 yoshli A.R. (talaba emas) 18 yoshli Sh.R.ning (Turin politexnika universiteti talabasi) yuziga musht bilan urgan. 

Zarba natijasida Sh.R. erga yiqilgan va etgan shikastlar oqibatida hayotdan ko`z yumgan. 

Ushbu jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudida sudya Jamoliddin Najimov raisligida ko`rib chiqildi. 

Sud tibbiyot ekspertizasining xulosasida, fuqaro murdasida “Bosh miya yopiq jarohati, bosh miya lat eyishi, bosh miya to`qimasi va pardalari ostiga qon quyilishlari, lunj, yuqori va pastki lab shilliq qavatlari va milklariga o`choqli qon quyilishlari” kabi tan jarohatlar aniqlangan. Bu tan jarohatlar o`tmas, qattiq jism ta`sirida, o`limdan biroz oldin etkazilgan. O`lim bilan to`g`ridan-to`g`ri bog`liqlikka egaligi va OG`IR toifadagi tan jarohatlari turkumiga kirishi ko`rsatilgan.

Sud majlisida sudlanuvchi aybiga to`liq iqror bo`ldi. 

— Qo`shnim bilan telefonlashib, u o`qiydigan Turin Politexnika universiteti oldiga bordim. U erda qo`shnim va boshqalar bilan gaplashib turdik. O`z ishlarim bo`yicha qo`shnim bilan birga u erdan ketdik. Keyin qo`shnim bilan Beruniy metrosi oldida o`z ishlari bilan yurganimda tanishim telefon qilib, menga “O`qishda bolalar urishishayotgan ekan, san urishmayapsanmi?” dedi. “Yo`q, men qo`shnim bilan Beruniy metrosidaman, boraymi?” desam “kelaver” dedi. “Turin Politexnika” universiteti asosiy kirish darvozasi oldiga boshqaruvimda bo`lgan ijaraga olgan avtomashinamda qo`shnim bilan birga bordik. Mashinani avtomashina turadigan joyga qo`yganimda menga qo`ng`iroq qilgan tanishim kim bilandir urishayotganligini ko`rdim. Qo`shnim mendan oldin u tomonga yugurib ketdi. Mashinani qo`yib, tanishim bilan urishayotgan bolani oldiga bordim. Unga “Nima bo`lyapti oka?” deganimda u “Siz aralashmeng” dedi. “Siz bilan urishayotgan bola meni o`rtog`im, bekordan bekorga o`qishdan haydalib ketmanglar, 3000 dollar kontrakt to`lagansizlar” dedim. U gaplarimni eshitmadi. Unga “Sanga problema kerakmi, manga problema kerakmas” deganimda, u “Aralashmang” deb so`kdi va stoykaga turib oldi. So`kkanligi uchun bir marotaba yuziga urdim. U yonboshiga erga asfaltga yiqildi. So`ng mashinam tarafga yurdim. Orqamdan menga qo`ng`iroq qilgan tanishim va qo`shnim kelishdi. Mashinaga o`tirib, mashinani boshqarib yo`lni narigi betiga o`tib, mashinani to`xtatganimda, haliyam erda yotganini atrofida odam ko`payib ketganini ko`rdim. Shu sababli qo`rqqanimdan u erdan ketib qoldim. Qaerga borishni bilmadim. Biroz o`tib, IIB xodimi tanishimga telefon qilib, Olmazor tumani IIO FMB 4 sonli IIBga chaqirishdi. Yani biroz vaqt o`tib, boshqa odam telefon qilib, uyimni oldiga kelishimni aytdi. Bu orada mashinam buzilib qoldi. Mashinani qoldirib, so`ng uchchalamiz Olmazor tumani Niyazova ko`chasidagi uy oldiga bordik. U erda IIB xodimlari 4-sonli IIBga olib borishdi, – deydi sudlanuvchi.

Jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi tomonidan JKning 104-moddasi (qasddan badanga og`ir shikast etkazish) 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan shaxs 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

    Boshqa yangiliklar