Qariyb bir yil avval, 2021 yil 26 aprel kuni O`zbekiston Bosh prokuraturasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi prokurori lavozimida ishlab kelgan Samir Rahmonov 33 yoshida vafot etgan edi.
Marhum xodimning otasi o`g`li xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda ish joyida vafot etgani, to`rt nafar voyaga etmagan farzandlari boquvchisiz qolsa-da, uning oilasiga qonunga asosan kafolatlangan nafaqa pullari to`lab berilmayotganini bildirdi.
Shundan so`ng, Mehnat inspeksiyasi ham holatni o`rganib, mazkur hodisa bo`yicha xabar berilmaganini aytgan. Toshkent shahar sudi esa, Bosh prokuratura marhum xodimining oilasiga nafaqa puli to`lab berilmagani bo`yicha ish qayta ko`rib chiqilishini bildirgandi.
Ayni paytda Toshkent shahar sudi tomonidan da`vogar A.Raxmanovning sudga javobgar O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan boquvchisini vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma`naviy zararni qoplash to`g`risidagi da`vo arizasini ko`rib chiqish bo`yicha sud jarayoni nihoyasiga etib, sud qarori e`lon qilindi.
Sudning 2022 yil 10 martdagi ajrimi bilan da`vogar A. Raxmanov vafot etganligi sababli uning javobgar O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan boquvchisini vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma`naviy zararni qoplash to`g`risidagi da`vo arizasi ish yurituvidan tugatilgan.
Sudning tashabbusi bilan da`vogar tomonidan mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan N. Raxmanova sudga javobgar O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan turmush o`rtog`ining ish joyida vafoti munosabati bilan voyaga etmagan farzandlari va o`zi uchun nafaqa, sug`urta tovoni va ma`naviy zarar undirish to`g`risidagi da`vo arizasi bilan murojaat qilgan.
Fuqarolik ishlari bo`yicha Mirobod tumanlararo sudining 2022 yil 28 martdagi hal qiluv qaroriga asosan N. Raxmanovaning javobgar O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan boquvchisini vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma`naviy zararni qoplash haqidagi da`vo talablari qisman qanoatlantirilgan.
Javobgardan N. Raxmanovaning foydasiga 951 275 952 so`m miqdorida bir yo`la to`lanadigan nafaqa puli va 20 000 000 so`m miqdorida ma`naviy zarar undirilishi hamda davlat foydasiga 76 642 076 so`m davlat boji to`lanishi belgilandi.






