Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida aviakompaniyalar faoliyati juda takomillashgan. Aviachiptalar xarid qilish eletron tizimda amalga oshirilib, iste`molchilarga chipta buyurtma berishi, sotib olingan chiptani bekor qilishi muammo emas. Ammo oxirgi ikki yildagi er yuzida ro`y berayotgan voqea-hodisalar bizda bu borda qilinishi zarur bo`lgan ishlar talaygina ekanligini ko`rsatib qo`ydi, deyiladi O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi darakchi.uz ga bergan ma`lumotida.
Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida yashovchi fuqarolar F.Zakirov, Sh.Xamroev, B.Zaripov, B.Zayniev va Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi fuqaro U.Innatovlar 2022 yil 15 fevral kuni ishlash maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borish uchun Navoiy shahrida joylashgan aviakassadan 2 774 000 so`mdan jami 13 870 000 so`mga avichiptalar sotib olishgan. Uchish reysi esa ayrim sabablarga ko`ra bekor qilingan. Shundan so`ng, fuqarolar aviachipta uchun to`langan mablag`ini ololmay ko`p ovora bo`lishgan va Navoiy shahar iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat qilib, ushbu masalada amaliy yordam berishni so`rashgan. Murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan zudlik bilan o`rganib chiqildi va aviachipta rahbariyatiga fuqarolarning iste`molchi sifatida huquqlari tushuntirildi. Natijada murojaat ijobiy hal etildi va fuqarolarga aviachipta uchun to`lagan 13 870 000 so`m pul mablag`i qaytarilishida amaliy yordam ko`rsatildi.
Yana shunday aviachipta muammosi bilan Beshariq tumani “Qoraqo`yli” mahalla fuqarolar yig`inida yashovchi fuqaro X.Ashurova ham Beshariq tumani iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza qoldirgan.Murojaatga ko`ra iste`molchi T.Qurbonov (X.Ashurovaning turmush o`rtog`i) Beshariq shahri “Oltin vodiy” ko`chasida joylashgan aviakassadan Rossiya Federasiyasiga 2022 yil 21 mart kuni bilan parvoz qilish uchun 2 600 000 so`mga chipta sotib olgan. Biroq ma`lum sabablarga ko`ra Rossiyaga ucha olmasligi ayon bo`lib qolgach, uchish amalga oshiriladigan kundan 9 kun oldin aviakassaga murojaat qilib, chipta uchun to`lagan pullarini qaytarib olmoqchi bo`lgan. Ammo qanchalik harakat qilmasin aviakassa tomonidan ushbu murojaat paysalga solinib, chipta pulini qaytarib berish kechiktirib kelingan. Ushbu murojaatni tuman jamiyatlari mutaxassislari tomonidan qonun doirasida o`rganilishi natijasida iste`molchining chipta uchun to`langan pullari to`liq qaytarilishiga erishildi.
Buxoro viloyati Jondor tumani “Mirzayon” MFY da yashovchi fuqaro N.S joriy yilning fevral oyida tumanda joylashgan avikassadan "Buxoro-Damadedova” yo`nalishi bo`yicha 3 000 000 so`mga aviachipta xarid qilgan. Ammo ma`lum sabablarga ko`ra avia qatnov bekor qilinganliginiga qaramay avikassa xodimlariga aviachipta pulini qaytarishlarini so`rab qilgan murojaatlari asossiz rad etilgan. Mazkur murojaat tuman iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan joyiga chiqib o`rganilib, avikassa xodimlariga amaldagi qonun-hujjatlari talablari yuzasidan tegishli tushuntirish berilganidan so`ng, muammo zudlik bilan ijobiy hal etildi.
Aslida bugungi kunda bunday muammolar yuz berishining o`zi uyatli. O`zbekiston aholisi aviachiptani xarid qilish, sababli holatlarda bekor qilishi va chipta uchun to`lagan pul mablag`ini qaytarib olishi muammo bo`lmasligi lozim... Mavjud kamchiliklar esa buning aksi ekanligini ko`rsatmoqda, - deyiladi federasiya xabarida.






