Xabaringiz bor, sal avval O‘zbekistonda YPX xodimining xizmat faoliyatidagi foto va videosini uning ruxsatisiz tarqatish taqiqlanishini nazarda tutuvchi qaror loyihasi muhokama uchun eʼlon qilindi va bu fuqarolar orasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova mazkur loyihaga munosabat bildirdi.
“Har qanday davlat har bir fuqaroning huquqlarini himoya qilish majburiyatini olgan. YPX xodimi xizmat vazifasini bajaradi, yaxshi bajaradimi, yomon bajaradimi, bu ikkinchi masala. Hozir ko‘chaga chiqqanda qanchalik xavfli bo‘lyapti yurish. Qayerdadir video kamera ishlaydi, qayerdadir ishlamaydi, qayerdadir YPX xodimi bor, qayerdadir yo‘q. Lekin “prava”ga o‘qimaganlarniyam, giyohvand modda isteʼmol qilganlarni ham rulda ko‘ryapmiz. Vaziyat shunchalik yomonki, “qonli yo‘l” degan nomni ham oldi O‘zbekiston yo‘llari. Meni ham O‘zbekiston fuqarosi, ham huquqshunos, ham prokuror, ham ayol sifatidagi shaxsiy fikrim shuki, YPX xodimi ko‘chaga chiqsa, xizmat vazifasini bajaradi. Uni videoga olib, ijtimoiy tarmoqqa tarqatish noto‘g‘ri. U ham davlat xizmatchisi, ham O‘zbekiston fuqarosi. Undan so‘rash lozim. Masalan mendan so‘rasangiz men bunga ruxsat bermayman, mendan so‘ramasangiz bu mening qadr-qimmat va huquqimga daxl qiladi. Men nihoyatda adolatli ayolman. Biz O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini himoya qilishimiz kerak”, - deya munosabat bildirdi Ortiqova.
Shuningdek, anjumanda ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvlarga sabab bo‘lgan va prokuratura izoh berishi lozim bo‘lgan qator masalalarga oydinlik kiritildi. Bu haqda yaqin daqiqalarda “darakchi.uz”da o‘qishingiz mumkin.
Farida Egamberdiyeva






