1

​Magnit bo`roni kuzatilganda qanday yo`l tutish lozim?

Salomatlik 31.03.2022, 19:08
​Magnit bo`roni kuzatilganda qanday yo`l tutish lozim?

Keyingi paytlarda sayyoramizda magnit bo`roni tez-tez kuzatilayotgani sir emas. Xususan, bugun va ertaga ham shunday tabiat hodisasi bo`lishi kutilmoqda.

Xo`sh, ana shunday vaziyatda shifokorlar qanday yo`l tutishni tavsiya etishadi?

— Magnit bo`roni inson salomatligiga salbiy ta`sir ko`rsatadi, — deydi Sog`liqni saqlash vazirligi bosh nevrologi, tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon Majidova. — Bundan ayniqsa, arterial gipertoniya xastaligiga chalingan bemorlar ko`proq aziyat chekadi.

Ya`ni qon bosimining favqulodda oshib yoki pasayib ketishi ularning salomatligiga jiddiy xavf tug`dirishi mumkin. Bu holat organizmda tashqi stresslarga chidamlilikni ta`minlaydigan melatonin moddasi ishlab chiqarilishi kamayishi bilan izohlanadi.

Qolaversa, magnit bo`roni bronxial astma bilan og`rigan odamlar salomatligida ham muammolarni keltirib chiqarishi kuzatilgan.

Shunday ekan, bunday vaziyatda, avvalo, ovqatlanish rasioniga alohida e`tibor qaratish lozim. Ko`proq ho`l mevalar, qolaversa, mayiz va turshak kabi kaliyga boy mahsulotlar, tarkibida C vitamini ko`p bo`lgan banan va boshqa sitrus ne`matlardan iste`mol qilish zarur.

Shifokorning qayd etishicha, magnit bo`roni kuzatiladigan kunlarda spirtli ichimliklardan butunlay voz kechish hamda yog`li va achchiq taomlar iste`mol qilmaslik tavsiya etiladi.

Tinchlantiruvchi xususiyatga ega choylardan ichish, uyqudan oldin toza havoda sayr qilish ham maqsadga muvofiq.

O`z navbatida, mutaxassislar magnit bo`roni paytida ortiqcha zo`riqtiruvchi ishlar va mashg`ulotlar bilan vaqtincha shug`ullanmaslikni maslahat berishadi.

Surunkali kasalliklarga chalinganlar esa o`zlari bilan shifokorlar tomonidan buyurilgan dori-darmonlarni olib yurishlari hamda qon bosimini tez-tez nazorat qilib turishlari lozim.

Kun davomida bir marta dush qabul qilish ham katta foyda beradi. Qon bosimidan shikoyati bor bemorlar ko`proq suv ichib, sho`r taomlarni kamroq iste`mol qilganlari ma`qul. Chunki tuz qon bosimi oshishiga sabab bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1