4 aprel kuni soat 00:10larda Buxoro shahrida yashovchi 20 yoshli G.T. o`zining jinoiy sheriklari ikki nafar voyaga etmagan shaxslar bilan, o`zganing transport vositasini olib qochgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti Axborot xizmati ma`lum qildi.
Xabarga ko`ra, jinoyatchilar Buxoro shahar I.Mo`minov ko`chasida joylashgan 44 yoshli X.A.ga tegishli bo`lgan savdo do`koni ichidan «Spark» rusumli avtomashinani boshqaruv kalitini yashirin ravishda olib chiqib, so`ngra mazkur savdo do`koni tashqarisida turgan «Spark» rusumli avtomashinani o`zlari bilan olib chiqqan kalit yordamida ochib, avtomashinani noma`lum tomonga boshqarib olib qochib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida yuqoridagi shaxslar avtomashinani Buxoro shahar Soliq inspeksiyasi chorrahasi hududida boshqarib ketayotgan vaqtida tuman IIB xodimlari tomonidan to`xtatilib, «Spark» rusumli avtomashina ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan transport vositasini olib qochgan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksning 267-moddasi 2-qismi «b» bandi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ular prosessual tartibda qo`lga olingan.
Hozirda yuqoridagi shaxslar nima sababdan ushbu jinoyatga qo`l urganliklari aniqlanmoqda. Tergov davom etmoqda.






