Avvalroq Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligida Qozog`iston Respublikasi Ta`lim va fan vaziri o`rinbosari K.Ergaliev boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv bo`lib o`tgani haqida xabar bergan edik. Unda O`zbekistonda Qozog`istonning nufuzli OTMlari filiallari ochilishi mumkinligi ma`lum qilingandi.
Xususan, ushbu tadbirda Qozog`iston delegasiyasi tarkibidagi etakchi oliy o`quv yurtlari – Qozog`iston milliy universiteti, Janubiy Qozog`iston universiteti, Xalqaro qozoq-turk universiteti va Evroosiyo milliy universitetlari rektorlari va prorektorlari ishtirok etib, o`z oliygohlarining salohiyati haqida to`xtalib o`tishgan.
Vazirlikning ma`lum qilishicha, uchrashuv so`nggida O`zbekiston tomonining taklifiga javoban 2022 yilning ikkinchi yarmida Toshkentda bo`lib o`tadigan O`zbekiston va Qozog`iston rektorlari forumini tashkil etish bo`yicha ishlarni boshlashga kelishib olingan.






