AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumanida Xalq ta`limi vazirining birinchi o`rinbosari Usmon Sharifxo`jaev maktablarga ro`mol o`rab kelayotgan qizlarga nisbatan bo`layotgan qarshiliklar yuzasidan izoh berdi, deya xabar berdi "Darakchi" muxbiri.
"Ta`lim sifatiga shu masala muhimmi, deya ko`pchilik savol beradi. Normativ hujjatlarda o`zgarish bo`lmagan. Albatta, davlatda o`rnatilgan me`yoriy-huquqiy hujjatlar bor, maktabning odob-axloq qoidalari bor. Bu faqatgina qizlarning ro`mol masalasi emas, alohida din uchun, bolalarning qaysidir xususiyatlari bo`yicha ham boshqacha kiyinish masalasi bo`lishi mumkin. Bularning hammasiga o`rnatilgan tartib bor. Hammangiz yaxshi biladigan maktab bo`yicha qaror bor. Unda tartiblar belgilangan.
Formaning tartibi bor, lekin qo`shimcha xususiyatlardan kelib chiqib, qandaydir vaziyatni tushunish holatlari bor. Misol uchun, milliy do`ppi kiyib kelaman deyishi mumkin, unga ham to`g`ri qarash masalasi bor. Lekin 10 mingta maktabni 10 mingta direktori bor, hammasining dunyoqarashi har xil. Albatta, bu bo`yicha vazirlik yoki boshqa idora alohida topshiriq bermagan.
Bunday holatlar yuzasidan aniq bir odamga chora ko`rish kerak, fikrimcha. Kimdir o`qishga kelaman desa, uni darsga kiritmaslik ham to`g`ri emas. Biroq kiyinib yurish odob-axloq qoidalarini ham ota-onalar, ham bolalar maktab hududida belgilangan tartibga javob berishi kerak deb hisoblayman", — dedi Xalq talimi vaziri o`rinbosari Usmon Sharifxo`jaev.






