"UzAuto Motors” AJ “GURLAN AVTOSALON” MChJ (Xorazm viloyati Gurlan tumani) bilan dilerlik kelishuvining bir qator bandlarini qo`pol ravishda buzganligi sababli shartnomani bekor qilganligini ma`lum qiladi.
"UzAuto Motors” AJ tomonidan dilerlik markazlarida avtomobil sotuvining shaffofligi qay darajada tashkillashtirilganligi bo`yicha joriy yilning 26-27 aprel kunlari “GURLAN AVTOSALON” MChJda monitoring o`tkazildi. O`tkazilgan monitoring natijasida, olib borilgan ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, Diler korxonasi tizimli ravishda xato va kamchiliklarga, qonun buzilish holatlariga yo`l qo`yib, dilerlik kelishuvi talablarini buzganligi aniqlandi.
Tekshiruv davomida Dilerlik korxonasi tomonidan avtomobil sotuvidan "UzAuto Motors” AJ hisob-raqamiga kelib tushishi lozim bo`lgan pul mablag`larining talon-toroj qilinganligi, bo`lib to`lash sharti bilan aksiyasi doirasida xarid qilingan avtomobillar bo`yicha muddati o`tgan qarzdorlik yuzaga kelganligi qolaversa, aksariyat hujjatlar o`rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmay qalbakilashtirilganligi kabi kamchilik va qonun buzilishlariga yo`l qo`yilganligi ma`lum bo`ldi.
Dilerlik korxonasida aniqlangan ushbu qonun buzilishi holatlariga huquqiy baho berish va qonuniy qaror qabul qilish uchun to`plangan hujjatlar O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim qilindi.
“GURLAN AVTOSALON” MChJ va mijozlar o`rtasida tuzilgan shartnomalar bo`yicha mijozlar oldidagi majburiyatlar “XORAZM AVTOTEXXIZMAT” MChJ tomonidan bajariladi.
"UzAuto Motors”AJ tomonidan “GURLAN AVTOSALON” MChJning mijozlar oldidagi majburiyatlari o`z vaqtida to`liq bajarilishi kafolatlanadi.
Kompaniya mijozlarga yuqori sifatli xizmat ko`rsatishni saqlab qolish uchun Dilerlik tarmoqlari faoliyatida yo`l qo`yilayotgan kamchilik va qonunbuzarliklarni aniqlashda davom etadi.
"Hurmatli fuqarolar, agarda dilerlik markazlari tomonidan avtomobil xarid qilish jarayonida tamagirlik holatlariga duch kelsangiz, Sizdan kompaniyaning “call-center” markazi raqamiga 78 141 77 77 murojaat qilishingizni so`raymiz",- deyiladi kompaniya xabarida.






