"Deklarasiyalar muloqoti" mazkur hududlarda joriy yilning 16-20 may kunlari o`tkaziladi. Unda 2019 yilda bo`lgani kabi Evropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika mamlakatlari va AQSh etakchi din ulamolari, ilohiyotshunoslari, huquqshunoslari hamda rasmiylari jam bo`ladi.
Tadbir O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSh Global jalb qilish instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridgi Din ishlari bo`yicha qo`mita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Xalqaro islom akademiyasi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimiyatlari tomonidan tashkil etilmoqda.
“Deklarasiyalar muloqoti” xalqaro forumi Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil qabul qilingan “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik” Maxsus rezolyusiyasida mustahkamlangan tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi olib borayotgan izchil ishlarning bir qismi bo`lib, 2020 yilda davlat rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.
Anjuman doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar o`rtasida samarali muloqot o`rnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilg`or xorijiy tajriba namoyish etiladi.
Forum kun tartibi bir necha bosqichdan iborat. Dasturning birinchi qismiga ko`ra, 16-17 may kunlari Toshkentda ko`p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini ta`minlash, turli din vakillari o`rtasida o`zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo`yicha ilg`or amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar o`tkaziladi.
18 may kuni Samarqand shahriga tanishuv sayohatini tashkil etish ko`zda tutilgan ikkinchi qismda xorijiy delegasiyalar mamlakatimizdagi eng qadimiy shaharlardan birining madaniy merosi bilan tanishadilar, turli konfessiyalar diniy maskanlariga tashrif buyurib, Samarqanddagi diniy hamjamiyat vakillari bilan uchrashadilar.
Anjuman 19 may kuni Buxoro shahrida “Deklarasiyalar muloqoti” mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan o`z ishini yakunlaydi. Tadbirda ilmiy-amaliy seminarlar sarhisob qilinadi, e`tiqod erkinligi va dinlararo muloqotni ta`minlash masalasi bo`yicha fikr almashiladi, kelgusi hamkorlik istiqboli belgilanadi.
Xalqaro uchrashuvning asosiy natijasi sifatida “Buxoro deklarasiyasi” qabul qilinadi. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklarasiyalarni to`ldiradigan ushbu hujjat O`zbekistonning diniy bag`rikenglik va millatlararo totuvlik g`oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qo`shadigan muhim hissasi bo`lishi kutilmoqda.