Oliy Majlis Qonunchilik palatasining xabar berishicha, bugun majlisda “Geografik ob`ektlarning nomlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuniga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko`rib chiqildi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasining maqsadi – ko`chalar, shohko`chalar, mahallalar, maydonlar, bog`larga va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga ayrim odamlar, jamoat arboblari, siyosiy arboblarning ismi-sharifini berishni tartibga solishdan iborat.
O`zbekiston Respublikasining “Geografik ob`ektlarning nomlari to`g`risida”gi Qonunida geografik ob`ektlarga nom berishda mahalliy aholining fikrini hisobga olish belgilangan. Ammo amaldagi qonunchilikda aholining fikrini hisobga olish, shu jumladan, fuqarolar tomonidan geografik ob`ektlarga nom berish tashabbuslarini ilgari surish tartibi nazarda tutilmagan.
Shuningdek, tarkibida tumanlar mavjud bo`lgan shaharlarda (Toshkent, Namangan va Andijon) geografik ob`ektlarga nom berish vakolati tuman Kengashlariga berilgani ushbu yo`nalishdagi faoliyatni samarali muvofiqlashtirish hamda qonunchilik hujjatlarining aniq va bir xilda qo`llanilishini ta`minlashga to`sqinlik qilmoqda.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi orqali geografik ob`ektlarga nom berish va ularning nomlarini o`zgartirish to`g`risidagi takliflarni tayyorlash jarayonida mazkur geografik ob`ekt joylashgan hududda yashovchi mahalliy aholining fikri hisobga olinadi.
Qizg`in baxs-munozaralardan so`ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.






