AsosiyJamiyat

O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasida temir yo`l qatnovi tiklanmoqda

'O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasida temir yo`l qatnovi tiklanmoqda'ning rasmi

O`zbekiston va Qozog`iston o`rtasida temir yo`l qatnovi tiklanadi.

Joriy yilning 15 may kuni 647/648-sonli Nukus — Beyneu — Nukus yo`nalishidagi yo`lovchi poezdining qatnovni boshlanadi. Shuningdek, 2022-yil 16 maydan boshlab Olma-ota-2 – Toshkent – Olma-ota-2 yo`nalishida 1/2-sonli (“Tulpar-Talgo”) poezd qatnovi yo`lga qo`yiladi. Yuqorida ko`rsatilgan reyslarning davriyligi Toshkentdan haftasiga 3 marta “Toshkent-Markaziy” vokzalidan amalga oshiriladi.

Chiptalarni elektron tarzda (https://e-ticket.railway.uz/) hamda temir yo`l kassalarida sotib olish mumkin. Yo`lovchilar elektron chiptalarni sotib olayotganda, Qozog`iston Respublikasining davlat chegarasidan o`tish uchun uni A4 formatidagi qog`ozdan chiqarish (chop etish) lozim.

Boshqa qo`shni davlatlar bilan temir yo`l yo`nalishlarining qayta tiklanishi tomonlarning kelishuviga asosan bosqichma bosqich ochilishi kutilmoqda.

Qozog`iston Respublikasi davlat chegarasi orqali o`tish punktlari orqali Qozog`iston Respublikasiga kelgan barcha shaxslar PZR usuli bilan COVID-19ga test sinovidan o`tganligi haqida ma`lumotnoma taqdim etishlari shart (qozoq, rus yoki ingliz tilida). Mazkur ma`lumotnoma Qozog`iston Respublikasi davlat chegarasidan o`tishdan oldin kamida 72 soatdan ko`p bo`lmagan muddatda bo`lishi shart.

Ma`lumotnoma talab qilinmaydigan shaxslar:

- 5 yoshgacha bo`lgan bolalar, agar ularni kuzatuvchi (birga bo`lgan) shaxsda ushbu ma`lumotnoma mavjud bo`lsa,  

- Qozog`iston Respublikasi hukumat delegasiyalari a`zolari,

- Lokomotiv brigadalari, temir yo`l, dengiz va daryo transporti orqali tashishlarda faoliyat olib borayotgan shaxslar,

- Qozog`iston Respublikasida COVID-19ga qarshi revaksinasiya yoki to`liq emlash kursini olgan shaxslar (agar ikkinchi komponentni olganidan so`ng Qozog`iston Respublikasi chegarasini kesib o`tish vaqtida 6 oydan oshmasa),

- Qozog`iston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi qaroriga ko`ra Qozog`iston Respublikasi hududida haqiqiy deb topilgan COVID-19ga qarshi emlash uchun pasport/sertifikat/ma`lumotnoma bergan shaxslarga.

Qozog`iston Respublikasi hududiga Evroosiyo iqtisodiy Ittifoqiga a`zo davlatlar hududidan, shuningdek, Ozarbayjon, Moldova, Tojikiston va O`zbekiston Respublikalaridan kelayotgan shaxslar, shu jumladan, «Puteshestvuyu bez COVID-19» ilovasidan ro`yxatdan o`tishlari talab etiladi.  

Tana harorati yuqori bo`lgan shaxslar aniqlangan holatlarda, ma`lumotnomaning mavjudligidan qat`i nazar, yuqumli shifoxonada izolyasiya qilinadi.

Eslatib o`tamiz, 2020-yilning mart oyida COVID-19 koronavirus pandemiyasi tufayli qariyib butun dunyo mamlakatlarda xalqaro yo`nalishidagi yo`lovchi poezd qatnovlari to`xtatildi. Ikki yillik cheklovlardan so`ng, qator davlatlar tomonidan yo`lovchi poezd yo`lovchilari uchun chegaralarni bosqichma-bosqich ochish borasida sa`yi-harakatlar amalga oshirila boshlandi.

    Boshqa yangiliklar