Kecha, 11 may kuni O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) Evropa mintaqaviy konferensiyassining 33-sessiyasida onlayn formatda so`zga chiqdi. Qayd etilishicha, Jamshid Xodjaev 2020 yil noyabr oyida mazkur konferensiyasining 2022 yilgacha raisi etib saylangan.
O`zbekiston Qishloq xo`jaligi vazirligining ma`lum qilishicha, har ikki yilda bir marta o`tkaziladigan Mintaqaviy konferensiya rasmiy forum bo`lib, uning doirasida Evropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi FAOga a`zo barcha mamlakatlarning qishloq xo`jaligi vazirlari va boshqa yuqori darajadagi rasmiylari oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi ishlab chiqarish masalalarini muhokama qilish uchun yig`ilishadi va bu bilan mintaqaning oziq-ovqat tizimlari barqarorligini ta`minlashga hissa qo`shishadi.
Ta`kidlanishicha, konferensiyada FAO bosh direktori o`rinbosari hamda Evropa va Markaziy Osiyo bo`yicha mintaqaviy vakili Vladimir Raxmanin O`zbekiston Qishloq xo`jaligi vaziri Xodjaevning fikrlari va O`zbekiston bilan hamkorlik haqida so`z ochgan.
“Vazir Xodjaev o`z nutqida O`zbekistonda o`zi raislik qilgan YMK32 doirasida olib borilgan ishlarning barcha jihatlarini aks ettirib berdi. Shu nuqtai nazardan, u oziq-ovqat xavfsizligi, agro-oziq-ovqat tizimlari va boshqa ko`plab sohalarga oid masalalarga to`xtaldi. Vazir, shuningdek, mintaqa davlatlari o`rtasidagi hamkorlik va FAO bilan hamkorlik muhimligini ham ta`kidlab o`tdi. FAO mintaqaviy byurosi 2020-2022-yillarda mintaqaviy konferensiyasiga samarali va konstruktiv raislik qilgani uchun vazir Xodjaevga minnatdorchilik bildiradi. Biz O`zbekiston bilan mintaqaviy va global miqyosda samarali hamkorlikni davom ettirishdan umidvormiz”-deydi Vladimir Raxmanin .






