1

Farg`onada Prezidentga hunarmand shogird deb tanishtirilganlar hokim haydovchisi va maktab direktor o`rinbosari ekanligi tasdiqlandi

Jamiyat 14.05.2022, 09:36
Farg`onada Prezidentga hunarmand shogird deb tanishtirilganlar hokim haydovchisi va maktab direktor o`rinbosari ekanligi tasdiqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Prezident Shavkat Mirziyoev Farg`ona viloyatiga tashrif doirasida Furqat tumanidagi “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida bo`lganida olingan suratda davlat rahbarining orqasida o`ymakor shogird libosida tuman hokimining haydovchisi turganligi qayd etilgan material e`lon qilindi. Ortidan esa Prezident bilan muloqot qilgan yana bir usta tumandagi 21-maktab direktor o`rinbosari ekani haqida chiqishlar paydo bo`ldi.

Tuman hokimlik matbuot xizmati, haqiqatdan ham, rasmda ko`zga tashlangan shaxs Furqat tuman hokimining haydovchisi Ilhom Ahmadjonov ekanligini tasdiqladi. Ta`kidlanishicha, u O`zbekiston xalq ustasi Muhammadali Yunusovning shogirdlaridan biri bo`lgan.

" Ilhom Ahmadjonov bir yildan beri Furqat tuman hokimligida haydovchi bo`lib faoliyat ko`rsatib keladi. Avvaldan o`zida o`ymakorlikka, duradgorlikka qiziqish borligi sabab, tumanga kelgach “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida milliy yog`och o`ymakorligi san`ati o`rganish imkoniyati mavjudligidan foydalanib, shogird sifatida hunar sirlarini o`rgana boshlagan. Kechagi tashrifda ham korxonada doimiy faoliyat olib borayotgan ustalardan tashqari Hunarmandlar maktabining qator o`rganuvchilari ham bo`lishganini e`tiborga olganda, Ilhom Ahmadjonovning ham ular qatorida u erda bo`lishi tabiiy holatdir.

Aytib o`tish kerakki, Muhammadali Yunusovning korxonasida o`ymakorlik o`rganayotgan shogirdlarning ko`plari boshqa kasb hamda ish egalari.

Davlat rahbari bilan muloqot qilgan Ilhomjon Sulaymonov, faoliyati davomida maktabda mehnat fanidan o`qituvchi bo`lgan, o`quvchilarga duradgorlik va o`ymakorlik bo`yicha saboq bergan. Hozirda tumandagi 21-maktabda ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha 0,75 stavkada direktor o`rinbosar bo`lib ishlab keladi. Uzoq yillardan beri amaliy o`ymakorlik bilan shug`ullanadi, “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasida tushdan keyin usta-o`rgatuvchi lavozimida ishlaydi. 10 nafar shogird biriktirilgan", - deyiladi munosabatda. 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1