AsosiyDUNYO

Pokiston Saudiya Arabistoniga 8 ming askar yubordi

Ma'lum qilinishicha, Islomobod yangi hujumlar yuz bergan taqdirda Saudia Arabistoni Qurolli kuchlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida katta jangovar kuchlarni safarbar qilgan.

'Pokiston Saudiya Arabistoniga 8 ming askar yubordi'ning rasmi

Pokiston Saudiya Arabistoniga 8 ming nafar harbiy xizmatchi, qiruvchi samolyotlar eskadrilyasi hamda havo hujumidan mudofaa tizimini jo‘natdi. Bu haqda Reuters hukumat manbalariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Islomobod yangi hujumlar yuz bergan taqdirda Saudiya Arabistoni Qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida katta jangovar kuchlarni safarbar qilgan.

Reuters suhbatdoshlariga ko‘ra, Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi o‘zaro mudofaa shartnomasi tomonlarni hujum holatida bir-biriga yordam berishga majbur qiladi. Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Muhammad Asif avvalroq bu kelishuv Saudiya Arabistonini Pokistonning “yadroviy soyaboni” ostiga qo‘yishini aytgan edi.

Manbalarning bildirishicha, Pokiston aprel oyi boshida Saudiya Arabistoniga 16 tagacha samolyotdan iborat to‘liq eskadrilya yuborgan. Ular asosan Xitoy bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan JF-17 qiruvchi samolyotlaridan iborat. Shuningdek, ikki dron eskadrilyasi ham jo‘natilgan.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoniga Xitoyning HQ-9 havo hujumidan mudofaa tizimi yetkazib berilgan. Barcha uskunalarga pokistonlik harbiylar xizmat ko‘rsatmoqda va xarajatlar Saudiya tomonidan qoplanmoqda.

Qayd etilishicha, Saudiya Arabistoniga yuborilgan pokistonlik harbiylar asosan maslahat va o‘quv vazifalarini bajaradi. Manbalardan biriga ko‘ra, qo‘shma shartnoma doirasida mamlakatda 80 ming nafargacha pokistonlik harbiy va harbiy kemalar joylashtirilishi mumkin.

Avvalroq Financial Times Saudiya Arabistoni Yaqin Sharq davlatlari va Eron o‘rtasida hujum qilmaslik paktini taklif qilgani haqida xabar bergan edi. Nashrga ko‘ra, bunda Sovuq urush davrida Yevropada keskinlikni yumshatgan Helsinki kelishuvlari namuna sifatida ko‘rilmoqda.

    Boshqa yangiliklar