AsosiyJamiyat

“1 million 420 ming”ga qarshi kurash... Yoxud bandlik va mehnat munosabatlarining nozik jihatiga bir nazar...

'“1 million 420 ming”ga  qarshi kurash... Yoxud bandlik va mehnat munosabatlarining nozik jihatiga bir nazar...'ning rasmi

Dunyo miqyosida 840 million odam ishsiz. Bu ko`rsatkich yurtimizda 1 million 420 ming nafarni tashkil qiladi va raqamlar mavsumga qarab o`zgarib boradi. Ushbu sahifada ana shu raqamlar ortidagi taqdirlarga daxldor muhim ma`lumotlarni taqdim etishni lozim topdik. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi taqdim etgan ma`lumotlarga ko`ra, hozirgi kunda yurtimizda jami 15 ta ishsizlikning oldini olishga ko`mak beruvchi kasbga o`rgatuvchi monomarkazlar bor. Xo`sh, bu qog`ozda berilgan raqamlar bugungi kunda amalda qanday isbotini topyapti? Bunday markazlar qaysi hududlarda va qaysi yo`nalishlarda ishsizlarga kasb o`rgat­yapti? Ushbu markazda tahsil olgan ishsiz fuqarolarning bandligi ta`minlanishi kafolatlanganmi? Bir so`z bilan aytganda, ularning bandligini ta`minlash uchun tashkil etilgan monomarkazlar qanchalik o`z vazifasini bajara olyapti? Ushbu sahifada ana shu savollarga javob topishga harakat qilamiz. Sahifa eksperti esa Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig`i Hakimjon Abdullaev.

QAYSI HUDUDLARDA BOR?

— Hozirgi kunda Qoraqalpog`iston Respublikasi Nukus shahri hamda barcha viloyat markazlarida kasbga o`rgatuvchi monomarkazlar mavjud. Surxondaryoning esa ikkita hududida – Angor va Denov tumanida ana shunday markazlar faoliyati yo`lga qo`yilgan. Qolaversa, yaqin kunlarda Qarshi shahri monomarkazining Koson filiali ham o`z faoliyatini boshladi. 

QAYSI YO`NALIShLARDA KASB O`RGATILADI?

— “Ishga marhamat” monomarkazlarida band bo`lmagan aholiga bir necha turda xizmatlar ko`rsatiladi. Xususan, qisqa muddatli kasb-hunarga o`qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalarga o`rgatish. Shuning­dek, tadbirkorlik asoslari, moliyaviy savodxonlik va biznes ko`nikmalariga o`qitish, xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarni ushbu davlatning madaniyati, tili, qonunchiligiga moslashtirish, ko`niktirish va psixologik yordam berish. 

QAERGA MUROJAAT QILIShADI?

— Vaqtincha ishsiz, kasb-hunarsiz fuqarolar “Ishga marhamat” monomarkazlarida o`qish istagini bildirsa, o`z yashash hududida faoliyat olib borayotgan Bandlikka ko`maklashish markazlariga murojaat qilishlari mumkin.

KASB-HUNARGA O`QIGAN IShSIZLAR IShLI BO`LDIMI?

— Monomarkazlar ishsiz fuqarolarning band­ligini ta`minlashga ko`maklashadi. ­Ijtimoiy-iqtisodiy tang holatdagi oilalar, imkoniyati cheklanganlar,  kam ta`minlanganlarga mehnat faoliyatini boshlashi, tadbirkorligini yo`lga qo`yishi uchun kredit, subsidiya olish va asbob-uskunalar bilan ta`minlanishida amaliy yordam ko`rsatilmoqda. Hududiy “Ishga marhamat” monomarkazlarida 2021-2022 yillarda Bandlikka ko`maklashish markazi yo`llanmasi asosida 18199 nafar ishsiz va ish qidirayotgan aholi qisqa muddatli kasb-hunarga o`qitilib, ulardan 13106 nafari hozirgi kunda turli korxona va tashkilotlarda, qolaversa o`z-o`zini band qilgan holda mehnat faoliyatlarini olib bormoqdalar.

HOZIR O`QIYoTGANLAR QANChA?

— Monomarkazlarda eng asosiy xizmat turi bu aholini qisqa muddatda va sifatli kasb-hunarga o`qitish. Hozirgi kunda esa respublika miqyosida monomarkazlarda 8735 nafar aholi, shundan 7092 nafari Bandlikka ko`maklashish markazi tomonidan berilgan yo`llanma orqali o`qimoqda. Yil choraklari davomida kasbga o`qitish ko`rsatkichini solishtiradigan bo`lsak, faqatgina raqamlar ortib borayotganini ko`rishimiz mumkin.

O`QISh PULLIMI YoKI?

— Monomarkazda hududiy mehnat organlari tomonidan ro`yxatga olingan ishsiz va ish qidirayotgan shaxslar, shuningdek, o`zini o`zi band qilgan shaxslar hamda “labor-migration” dasturiy majmuasida ro`yxatga olingan fuqarolarni tadbirkorlik ko`nikmalari va xorijiy tillarga o`qitish, kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish Davlat jamg`armasi mab­lag`lari hisobidan to`g`ridan-to`g`ri shartnomaga asosan bepul amalga oshiriladi.

Ushbu toifada nazarda tutilgandan tashqari shaxslarni tadbirkorlik ko`nikmalari va xorijiy tillarga o`qitish, kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish fuqarolarning o`z mablag`lari, buyurtmachilar mablag`lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

IMKONIYaTI ChEKLANGANLAR HAM O`QIShI MUMKINMI?

— So`nggi vaqtlarda Prezidentimiz tashabbus­lari bilan nogironligi bor fuqarolarni ham inklyuziv usulda o`qitish yo`lga qo`yildi. Bugungi kunda 400 nafardan ortiq nogironligi bor fuqarolar kasb o`rganishdi. Ularga bu borada shart-sharoitlar yaratildi. Xususan, surdotarjimon biriktirildi, olis hududlarda esa yotoqxonalar tashkil etildi. 

O`QUV JARAYoNI FAQAT NAZARIYMI YoKI?

— Monomarkazlarda o`quv mashg`ulotlari WORLDSKILLS standartlariga asosan 30% nazariy hamda 70% amaliy tarzda o`zlashtiriladi. O`quv kursi uchun o`quv soatlari hamda o`quv fanlarini taqsimlashda ishlab chiqarish korxonalari, hududiy mehnat bozori talab va imkoniyatlari hamda tegishli soha mutaxassislari fikrlari inobatga olinadi. Qolaversa, monomarkazda yakuniy malaka imtihonlari ish beruvchi korxona va tashkilot mutaxassislari ishtirokida amalga oshiriladi. Bu esa o`qishni tamomlayotgan tinglovchilarning ishga joylashishi uchun munosib echim bo`ladi. Shuningdek, ayrim “Ishga marhamat” monomarkazlariga chet-ellik mashhur korxonalar bilan hamkorlikda mutaxassislar jalb etilib, o`quv mashg`ulotlari olib borilmoqda. O`quv jarayonlarida fuqarolarimiz chet tillariga ham o`qitilib, kelajakda xorijiy mamlakatlarga ham shartnoma asosida ishga yuborish rejalashtirilgan.

“Ishsiz fuqarodan ish beruvchiga aylandim”

Muhayyo ARIPJONOVA, Sirdaryo viloyati:

— “Ayollar daftari”da turganim bois, Bandlikka ko`maklashish markazi tomonidan Guliston shahrida tashkil etilgan “Ishga marhamat” monomarkaziga o`qish uchun yo`llanma berildi. U erda tashkil etilgan kosmetologiya kursida 3 oy davomida tahsil oldim. Kursni imtiyozli tamomlab, ishga joylashdim. Bugungi kunda o`z tadbirkorlik faoliyatimni olib borib, 4 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligini ta`minladim. 

“Men ham jamiyatning to`laqonli a`zosiman”

Raimbek OTABEKOV, Farg`ona viloyati:

— Jismonan imkoniyatim cheklanib, o`z oyoqlarim bilan yurish imkoniyatidan mahrum bo`lgan bo`lsam-da, hayotga bo`lgan intilishim juda yuqori. Kompyu­ter vositalari, IT sohasiga qiziqishim baland. Shu sababdan ham Farg`ona shahrida faoliyat olib borayotgan “Ishga marhamat” monomarkaziga qatnayapman. Bu erda malakali ustozlarimdan bu sohaning sir-asrorlarini o`zlashtiryapman. Kelajakda yaxshi kompyuter ustasi, dasturchi bo`lib etishmoqchiman. O`z tadbirkorligimni yo`lga qo`yib, o`zim kabi insonlar uchun ish o`rinlari yaratmoqchiman.

“Hunar o`rganishning erta kechi yo`q”

Nozimbek ShOKIROV, Toshkent shahri:

— Yoshim 53 da bo`lsa ham, Toshkent shahrida joylashgan “Ishga marhamat” monomarkazining “Payvandchilik” o`quv kursida tahsil olmoqdaman. “Yigit kishiga qirq hunar oz” deganlaridek, bu erda payvand­chilik bilan bir qatorda “Santexnika” hunarini ham o`rganmoqdaman. O`qishni tamomlaganimizdan so`ng bizga sertifikat berilishini aytishdi. Eng quvonarlisi, bu sertifikat nafaqat yurtimizda, balki chet mamlakatlarda ham tan olinib, ish bilan ta`minlanishingizga asos bo`ladi. Men ham kelajakda bu hunarlarning sir-asrorlarini mukammal o`rganib, shogirdlarimga ham o`rgatishni niyat qilganman.

Xulosa o`rnida

Dunyoda iqtisodiy nobarqarorlik kuzatilayotgan bir davrda, har bir fuqaro o`z daromad manbaini yaratishi, kasb-hunar o`rganishi yanada dolzarb bo`lmoqda. Har kim o`zida mehnatkashlik va intiluvchanlikni shakllantira olsa, ishsizlik muammosi kamayishiga hissa qo`shishi shubhasiz. Har holda buning uchun imkoniyatlar borligini esa yuqorida keltirilgan ma`lumotlar tasdiqlaydi.

Darvoqe...

Agar sizda ishsizlik borasida murojaat, fikr-mulohazalar va takliflar bo`lsa, har hafta dushanbadan jumaga qadar soat 10:00 dan 16:00 gacha tahririyatning (+998 95) 194-64-16 telefon raqamiga qo`ng`iroq qilib yoki telegramdagi @darakchipochta manziliga yo`llashingiz mumkin. Biz esa yana mavzuga qaytamiz.

Fayzullo YaHYoEV tayyorladi.
"Darakchi" gazetasi, 2022 yil 26 may, 21-son. 

    Boshqa yangiliklar