Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston Konstitusiyasiga o`zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya tuzildi.
Ayni paytda Konstitusiyaviy komissiya o`zining birinchi tashkiliy yig`ilishini o`tkazmoqda. Bu haqda Komissiyaning matbuot kotibi etib Odiljon Tojiev xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, yig`ilishda quyidagi 4 ta masala ko`rib chiqilishi belgilangan:
1. Konstitusiyaviy komissiya ishini tashkil etish, uning huzuridagi Takliflar bilan ishlash guruhi hamda Yig`ma axborot-tahlil guruhi tarkibi va ularning vazifalari taqsimoti tasdiqlash;
2. Konstitusiyamizga o`zgartish va qo`shimchalar kiritishga qaratilgan takliflarni olish, umumlashtirish va ularga javob qaytarish bo`yicha ishni tashkil etish tartibi belgilash;
3. Komissiya Matbuot xizmatining tarkibi va media-rejasi ma`qullash;
4. Konstitusiyaviy komissiyaga kelib tushgan dastlabki takliflar bo`yicha Yig`ma-axborot tahlil guruhi axborotini tinglash.
Shuningdek, Konstitusiyaviy komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
Birinchi vazifa: Takliflarni to`plash, umumlashtirish, shakllantirish asosida «O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida» Qonun loyihasini tayyorlash;
Ikkinchi vazifa: Davlat organlari, nodavlat tashkilotlar va mansabdor shaxslardan hujjatlar, ekspertlik xulosalari, statistik ma`lumotlar va boshqa axborotlarni so`rab olish;
Uchinchi vazifa: Ilmiy-tadqiqot muassasalari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning Konstitusiyaga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish bo`yicha takliflari yuzasidan tavsiyalarini, shuningdek, ekspertlar xulosalarini olish;
To`rtinchi vazifa: Konstitusiyaviy komissiyaning ishiga davlat organlari va nodavlat tashkilotlar vakillarini ekspertlar sifatida jalb qilish;
Beshinchi vazifa: Zarurat tug`ilganda, manfaatdor davlat organlari va nodavlat tashkilotlarga o`rnatilgan tartibda ko`rib chiqish uchun taqdim qilingan takliflarga asosan, boshqa qonunchilik hujjatlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
Oltinchi vazifa: Konstitusiyaviy huquq va erkinliklar buzilishi haqida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni tegishli idoralarga ko`rib chiqish uchun yuborish.






