“O`zbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini ta`minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident Farmoni (PF–144-son, 30.05.2022 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko`ra, O`zbekiston aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta`minlash tizimini 2025 yilgacha takomillashtirish konsepsiyasi hamda uni 2022 – 2023 yillarda amalga oshirish “yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
Farmonga muvofiq, 2022 yil 1 sentyabrdan respublikaning seysmik faol zonalarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifagamansub ob`ektlarga zilzilabardoshlik bo`yicha xulosalar berish tartibi joriy etiladi.
Seysmik zaif ijtimoiy soha ob`ektlarining ro`yxati har yili 1 aprelgacha shakllantirib boriladi hamda instrumental-texnik tekshiruvdan o`tkazish ishlari Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tashkillashtiriladi.
2022 yil 1 oktyabrdan respublikadagi ko`p kvartirali uy-joylarni yillar kesimida zilzilabardoshlik bo`yicha xatlovdan o`tkazish amaliyoti yo`lga qo`yiladi va xatlov natijasiga ko`raekspluatasiya muddatini o`tab bo`lgan seysmik zaif va avariya alomatlari aniqlangan ko`p kvartirali uy-joylar o`rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurish bo`yicha takliflar mahalliy davlat hokimiyati organlariga kiritib boriladi.
2023 yil 1 maydan suv omborlari to`g`onlarining zilzilabardoshligini doimiy kosmik monitoring qilish tizimi yo`lga qo`yilib, mazkur yo`nalishdagi mas`ul davlat organlari kosmik suratlar hamda ishlov berilgan ma`lumotlar bilan ta`minlab boriladi.
Shuningdek, 2022 – 2025 yillar davomida Andijon, Toshkent, Guliston, Nurafshon, Namangan, Farg`ona, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Qarshi, Termiz, Nukus, Urganch shaharlarining raqamlashtirilgan seysmik mikrohududlashtirish xaritalari ishlab chiqiladi.
2023 yil 1 apreldan suv omborlari to`g`onlarida seysmik xavfni oldindan prognoz qilish va baholash amaliyotini joriy qilish maqsadida:
- kosmik monitoring doirasida simulyasion dastur orqali zilzila natijasida to`g`on o`pirilishi oqibatida suv bosishi mumkin bo`lgan respublika hududlarining vizual 3D modellarini ishlab chiqish amaliyoti yo`lga qo`yiladi;
- suv omborlari to`g`onlari o`pirilishi oqibatida qutqaruv ishlarini tashkillashtirishida tegishli vazirlik va idoralarni zarur kosmik suratlar hamda ishlov berilgan ma`lumotlar bilan ta`minlash tizimi joriy etiladi.
Mazkur amaliyot va tizim 2023 yil 1 fevralgacha ishga tushiriladi.
2023 yildan respublikaning seysmik faol zonalarida balandligi 9 qavat yoki undan yuqori bo`lgan seriyali qurilishi rejalashtirilgan yoki tanlab olingan bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish, sifatini ta`minlash hamda kamchiliklarni oldindan bartaraf etish maqsadida vibrodinamik uskuna yoki zamonaviy raqamlashtirilgan instrumental asbob-uskunalar yordamida sinov va tekshiruv o`tkazib boriladi.
2022 yil 1 dekabrgacha respublikadagi barcha sun`iy inshootlar (ko`priklar, tonnellar, estakadalar, temir yo`l ko`priklari va boshqalar) xatlovdan o`tkazilib, yagona raqamlashtirilgan ma`lumotlar bazasi tashkil etiladi.
2023 yil 1 martgacha respublikadagi barcha mavjud sun`iyinshootlarning zilzilabardoshligi bo`yicha elektron texnik pasportlari shakllantiriladi.
2022 yil 1 avgustgacha Suv xo`jaligi vazirligida seysmologik kuzatuvni doimiy tashkillashtirish bo`yicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
2022 yil 1 avgustgacha aholining barcha qatlamini zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan so`ng to`g`ri harakat qilishga mustaqil o`rgatish uchun mo`ljallangan mobil ilova ishlab chiqiladi.
2022/2023 o`quv yilidan Namangan muhandislik-qurilish instituti va Farg`ona politexnika institutida “Bino va inshootlar zilzilabardoshligi” ta`lim mutaxassisligi bo`yicha kadrlarni tayyorlash amaliyoti yo`lga qo`yiladi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida 2022/2023 o`quv yilidan “Tarixiy obidalarning seysmik mustahkamligi” ta`lim mutaxassisligi ochiladi.
2022 yil 1 dekabrgacha respublikadagi seysmik faol, o`rta faol va tinch hududlar hamda maydonlarni o`zida mujassamlashtirgan interaktiv onlayn-xarita ishlab chiqiladi.
2023 yil 1 avgustgacha seysmik faol zonalarda joylashgan bino va inshootlar maydonining zilzilalar oqibatida deformasiyasi, siljishi, cho`kishi kabi omillarni aniqlashga mo`ljallangan radiolokasion kosmik monitoring tizimi yaratiladi.






